O‘zbekiston va AQSH pozitsiyalari yaqinlashmoqda – Abdulaziz Komilov

Saqlash
15:49 / 09.10.2025 31 0

 

O‘zbekiston va AQShning qator mintaqaviy va global masalalar bo‘yicha pozitsiyalari bugun tobora yaqinlashib bormoqda. Bu haqda prezidentning tashqi siyosat bo‘yicha maslahatchisi Abdulaziz Komilov “O‘zbekiston 24” telekanalining Davra podkastida ma’lum qildi.

 

“Bir narsani aytib o‘tish kerak, qanday manfaatlarimiz bor Amerikada? Avvalambor, Amerikaning ichki yalpi mahsuloti butun dunyoda eng katta. 29−30 trillionga yetyapti, to‘g‘rimi? Boshqa katta, eng yirik davlatlarniki 18 trilliondan pastga ketadi. Shuning uchun buni solishtirib bo‘lmaydi”, – dedi Komilov.

 

U AQSh texnologiya nuqtai nazaridan eng rivojlangan va juda katta harbiy qudratga ega davlat bo‘lib qolayotganini ta’kidladi.

 

“Hozir mana prezident Tramp bilan bizning dunyoqarashimiz, bizning munosabatlarimiz regional, mintaqaviy va xalqaro masalalarga bir-biriga juda yaqin bo‘lyapti” – dedi maslahatchi.

 

Komilov prezident Shavkat Mirziyoyevning G‘azodagi vaziyat bo‘yicha pozitsiyasini misol qilib keltirdi.

 

“Hurmatli prezident G‘azoda sodir bo‘layotgan voqealar masalasini juda keskin ko‘tardi. U muammoga yechim topish, bu qarama-qarshilik va zo‘ravonlikni to‘xtatish zarurligi haqida takliflar bilan chiqdi. Chindan ham, boshqa davlatlar ta’kidlaganidek, u yerda ochiqdan-ochiq genotsid sodir bo‘lmoqda,” – dedi u.

 

Sobiq tashqi ishlar vazirining so‘zlariga ko‘ra, yaqinda AQSh prezidenti Donald Tramp mintaqadagi zo‘ravonlikka barham berishga qaratilgan yangi tashabbus bilan chiqqan. G‘azodagi urushni to‘xtatish rejasi 20 banddan iborat bo‘lib, barcha isroillik garovga olinganlarni ozod qilish, Isroil qo‘shinlarini olib chiqib ketish, agar HAMAS a’zolari sektorni tark etsa, ularga amnitsiya e’lon qilish, shuningdek, xalqaro kuchlarni kiritish va tashqi ma’muriyat tuzishni nazarda tutadi.

 

“Qo‘shma Shtatlar prezidenti ikki-uch kun oldin yangi tashabbus bilan chiqdi. Shaxsan men ko‘p yillar davomida Yaqin Sharqda ishlaganman va bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlash mumkin, deb hisoblayman”, – dedi u.

 

Prezident maslahatchisi tashabbusni eng yirik arab davlatlari rahbarlari qo‘llab-quvvatlaganini qo‘shimcha qilib, tinchlik jarayonining yanada rivojlanishi Toshkent va Vashington pozitsiyalarini yanada yaqinlashtirishiga ishonch bildirdi.

 

“Agar bu jarayon davom etsa va tinchlikka erishilsa, prezidentimizning pozitsiyasi va munosabati AQSh pozitsiyasiga yanada yaqinlashadi. Shuning uchun biz nafaqat biznes sohasida, balki boshqa yo‘nalishlarda ham hamkorlikni rivojlantirmoqdamiz”, – deya ta’kidladi Komilov.

 

9-oktabr kuni AQSh prezidenti Donald Tramp Isroil va Falastinning HAMAS harakati tinchlik o‘rnatishning birinchi bosqichi bo‘yicha kelishuv tuzganini ma’lum qildi. Sky News Arabia manbalariga ko‘ra, o‘t ochishni to‘liq to‘xtatish, Isroil armiyasini G‘azo sektorining 70 foiz hududidan bosqichma-bosqich olib chiqib ketish va bir vaqtning o‘zida asirlarni ozod qilish bo‘yicha kelishuvga erishilgan.

 

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20−24-sentabr kunlari Nyu Yorkda bo‘lib o‘tgan BMT Bosh assambleyasining 80-sessiyasida ishtirok etish uchun AQShga amaliy tashrif bilan bordi. Asosiy voqealardan biri AQSh prezidenti Donald Tramp bilan uchrashuv bo‘lib, u erishilgan kelishuvlar ko‘lamini qayd etdi. Abdulaziz Komilov prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Donald Trampning muzokaralari O‘zbekiston-AQSh munosabatlarini barqarorlik va oldindan aytish mumkin bo‘lgan darajaga olib chiqqanini ta’kidladi.

 

Bundan tashqari, Mirziyoyev BMT Bosh assambleyasi yig‘ilishida nutq so‘zlab, global muammolarni hal qilishda tashkilotning rolini ta’kidladi, “Yangi O‘zbekiston” islohotlari bilan tanishtirdi hamda xalqaro hamkorlik va tinchlikni mustahkamlashga chaqirdi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//