Karantin ostidagi mahsulotlarni olib kirish va olib chiqish qoidalarini buzish javobgarlikka sabab boʻladi

Saqlash
10:29 / 12.01.2022 739 0

“Oʻsimliklar karantini va himoyasi tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun Prezident tomonidan imzolandi.

 

Qonun bilan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga quyidagi oʻzgartirishlar kiritildi:

 

oʻsimliklar karantini obyektlariga va boshqa zararli organizmlarga qarshi kurashishga doir fitosanitariya talablarini hamda boshqa qoidalarni karantin ostidagi mahsulotlarni ishlab chiqarish, tayyorlash, saqlash, tashish, qayta ishlash, realizatsiya qilish va yoʻq qilish chogʻida buzish – fuqarolarga BHMning 3 baravarigacha (810 ming soʻmgacha), mansabdor shaxslarga 5 baravarigacha (1 mln 350 ming soʻmgacha);

 

karantin ostidagi mahsulotlarni Oʻzbekistonga olib kirish va olib chiqish qoidalarini buzish – fuqarolarga BHMning 5 baravarigacha (1 mln 350 ming soʻmgacha), mansabdor shaxslarga 10 baravarigacha (2 mln 700 ming soʻmgacha) miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.

 

Shuningdek, “Oʻsimliklar karantini toʻgʻrisida”gi Qonunga oʻzgartirishlar kiritildi.

 

Unga koʻra, fitosanitariyaga oid yuqori xavfga ega boʻlgan karantin ostidagi mahsulotni, shu jumladan ekish, payvandlash, koʻpaytirish uchun moʻljallangan ekish materiallarini xorijiy mamlakatlardan Oʻzbekistonda yashovchi fuqarolarga pochta va kuryerlik joʻnatmalarida yuborish, shu jumladan bagajda va qoʻl yukida olib oʻtish taqiqlanadi.

 

Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran 3 oy oʻtgach kuchga kiradi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//