Oʻzbekiston – Chexiya poytaxtlari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aviareys qayta tiklanishi mumkin

Saqlash
13:20 / 30.04.2026 26 0

Bugun, 30-aprel kuni Ko‘ksaroy qarorgohida mamlakatimizga rasmiy tashrif bilan kelgan Chexiya Respublikasi Bosh vaziri Andrey Babishni rasmiy kutib olish marosimi bo‘lib o‘tgach, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Chexiya Respublikasi Bosh vaziri Andrey Babishning tor doirada va ikki mamlakat delegatsiyalari ishtirokidagi muzokaralarda oʻzaro munosabatlar yangi taraqqiyot bosqichiga koʻtarildi.

 

Muzokaralar davomida Oʻzbekiston bilan Chexiya oʻrtasidagi amaliy hamkorlikning joriy holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

 

Uchrashuvda qayd etilishicha, kuni kecha boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston – Chexiya biznes forumida eʼlon qilingan loyihaviy tashabbuslar qoʻllab-quvvatlandi. Tomonlar Eksport kreditlarini sugʻurtalash agentligi va Chexiya Eksport bankining Oʻzbekistonda loyihalarni amalga oshirishni qoʻllab-quvvatlash niyatini olqishladilar.

 

Iqtisodiy kun tartibidagi barcha masalalarni ilgari surish uchun Ishbilarmonlar kengashini tuzish va Hukumatlararo komissiyaning keyingi yigʻilishini shu yil avgust oyida Toshkentda oʻtkazish taklif qilindi.

 

Madaniy-gumanitar sohada, shu jumladan, qoʻshma diplom dasturlari doirasida taʼlim va akademik almashinuvni kengaytirishdan ikki tomon ham manfaatdor ekani tasdiqlandi.

 

Oʻzaro madaniyat va kino kunlari, koʻrgazma va konsertlarni muntazam ravishda oʻtkazish, shuningdek, mamlakatlar oʻrtasida sayyohlar oqimini koʻpaytirish muhimligi taʼkidlandi.

 

Shu maqsadda ikki mamlakat poytaxtlari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aviareysni qayta tiklash masalasi koʻrib chiqiladi. Tartibli mehnat migratsiyasi sohasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.

 

Xalqaro kun tartibi yuzasidan ham fikr almashildi. Yakunda qabul qilingan qarorlarni oʻz vaqtida amalga oshirish boʻyicha qoʻshma “yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqishga kelishib olindi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//