Oʻzbekistonda yogʻ, goʻsht va kartoshka importiga berilgan soliq imtiyozi muddati uzaytiriladi

Saqlash
20:25 / 11.01.2022 961 0

“Soliq kodeksiga aholini asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan kafolatli taʼminlashga qaratilgan qoʻshimcha kiritish toʻgʻrisida”gi qonunga koʻra, 2021-yil 10-oktyabrdan 31-dekabrgacha boʻlgan davrda goʻsht (mol, qoʻy, tovuq), tirik hayvonlar (qoramol va parranda) va ularni soʻyishdan olinadigan mahsulotlarni, kartoshkani hamda muzlatilgan baliqni realizatsiya qilish boʻyicha aylanma, shuningdek, ularni Oʻzbekistonga olib kirish qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod qilingan edi. 

 

Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida ushbu muddatni 2022-yil 30-aprelga qadar uzaytirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi muhokama qilindi.

 

Qonun loyihasiga koʻra, oʻsimlik yogʻi, kungaboqar va zigʻir urugʻi, soya danagini olib kirish, oʻsimlik yogʻini (paxta yogʻidan tashqari) ishlab chiqarish va realizatsiya qilish boʻyicha aylanma 2022-yil 30-aprelga qadar qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod qilish nazarda tutilmoqda.

 

Shuningdek, ushbu imtiyozlar goʻsht (mol, qoʻy, tovuq), tirik hayvonlar (qoramol va parranda) va ularni soʻyishdan olingan mahsulotlar, kartoshka hamda muzlatilgan baliqni realizatsiya qilish boʻyicha aylanma va ularni olib kirishda ham qoʻllaniladi.

 

Qizgʻin muhokamalardan soʻng qonun loyihasi ikkinchi oʻqishda qabul qilindi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//