
Jamiyat
Shahar hokimi va Oʻzbekiston konsuli ishtirokida 21-avgust kuni majmuaga tamal toshi qoʻyildi.
21-avgust kuni Afgʻonistonning Mozori-Sharif shahrida Alisher Navoiy yodgorligini qayta tiklash va obodonlashtirish loyihasiga tamal toshi qoʻyishga bagʻishlangan marosim boʻlib oʻtdi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.
Tadbirda Mozori-Sharif shahar hokimi Abdulrahmon Himmat, Tashqi ishlar vazirligining Balx viloyatidagi vakolatxonasi rahbari Aminulla Sodiq, Oʻzbekiston konsulxonasi xodimlari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari va jamoatchilik vakillari ishtirok etgan.
Mozori-Sharif shahri hokimi Abdulrahmon Himmat oʻz nutqida afgʻon xalqi buyuk mutafakkir, shoir va davlat arbobi Alisher Navoiy shaxsiyatiga chuqur hurmat bilan qarashini taʼkidlagan. Alisher Navoiyning Muxobirot chorrahasida joylashgan, keyingi yillarda ancha xarob va koʻrimsiz holga kelib qolgan yodgorligini qayta tiklash boʻyicha shahar hokimligining qarori qabul qilingani bildirilgan.
Yangidan barpo etiladigan majmua uchun katta yer maydoni ajratilib, unda Navoiyning tarjimayi holi, hayot yoʻli, davlat arbobi sifatida amalga oshirgan xayrli ishlari aks ettirilgan lavha oʻzbek, ingliz, dariy va pushtun tillarida oʻrnatiladi, shuningdek, kutubxona tashkil etiladi.
“Ushbu yodgorlik-majmuasini mahalliy aholi va xorijiy sayyohlar tashrif buyuradigan munosib maskanga aylantiramiz”, degan shahar hokimi.
Alisher Navoiy yodgorlik-majmuasi qurilishi shahar hokimligi byudjetidan moliyalashtiriladi va bir oy muddatda qurib bitkazilishi koʻzda tutilgan.
Oʻzbekiston konsuli Jafar Fattayev Alisher Navoiy yodgorligining qayta tiklanishi va atrofining obodonlashtirilishi boʻyicha boshlangan xayrli ishlar Afgʻonistonda ushbu buyuk siymoga koʻrsatilayotgan hurmat-eʼtibordan darak berishini taʼkidladi.
Qayd etilishicha, Mozori-Sharifda bunyod etiladigan Alisher Navoiy yodgorligi uchun matnlarni tayyorlashda Termiz davlat universiteti koʻmaklashadi.
Jamiyat
Siyosat
Jamiyat
Jahon
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q