Hozirda Oʻzbekiston fuqarolarining Qozogʻistonda hibsga olingani haqida maʼlumot yoʻq – TIV 

Saqlash
16:51 / 11.01.2022 848 0

Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi Qozogʻistondagi voqealar yuzasidan axborot berdi.

 

Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi qoʻshni Qozogʻistondagi vaziyatni muntazam ravishda kuzatib bormoqda.

 

Oʻzbekistonning Qozogʻistondagi diplomatik vakolatxonalari – Nur-Sultondagi Elchixonasi, Olma-ota va Aqtaudagi bosh konsulliklarida tezkor shtablar tashkil etildi.

 

Qiyin ahvolda qolgan fuqarolarga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Talabalar bilan aloqa oʻrnatildi. Ularga zarur yordam koʻrsatish ishlari olib borilmoqda. Nur-Sulton shahridagi aeroportda parvozini kutayotgan fuqarolar issiq ovqat bilan taʼminlandi.

 

Qozogʻiston hududida boʻlib turgan Oʻzbekiston fuqarolari bilan ularning qarindoshlari va yaqinlari oʻrtasida aloqa oʻrnatishda tezkor yordam koʻrsatilmoqda.

 

Olma-otadan Oʻzbekistonga qaytishni xohlovchi fuqarolar roʻyxati tuzildi. Ular «Uzbekistan airways» kompaniyasining navbatdagi reyslari orqali Vatanga qaytariladi. Hozirda Olma-ota aeroporti yopiqligicha qolmoqda.

 

Oʻzbekistonning diplomatik va konsullik muassasalari Qozogʻiston huquq-tartibot idoralari vakillari bilan joylarda doimiy aloqada boʻlib turibdi. Hozirda Oʻzbekiston fuqarolarining hibsga olingani haqida maʼlumot yoʻq.

 

Vazirlik eslatib oʻtadiki, mamlakatimiz fuqarolari oʻzlarini qiziqtirgan savollar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining Nur-Sulton (telefon raqami: +7 771 020 36 73), Olma-ota (telefon raqami: +7 777 950 44 33) va Aqtau (telefon raqami: +7 777 599 00 51) shaharlaridagi diplomatik vakolatxonalariga murojaat qilishlari mumkin.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//