Toshkent mutlaq yetakchi. Oʻzbekiston hududlarining kompleks rivojlanish reytingi eʻlon qilindi

Saqlash
12:08 / 21.08.2025 65 0

 

Reytingga koʻra, taʻlimda Toshkent shahri, Buxoro va Sirdaryo viloyatlari kuchli uchlikda. Jizzax viloyati esa oxirgi oʻrinda.

 

Progressiv islohotlar markazi (PIM) Oʻzbekiston viloyatlarining kompleks rivojlanish reytingini eʻlon qildi. 2024-yil yakunlari boʻyicha tuzilgan reyting natijalariga koʻra, Toshkent shahri, Navoiy va Buxoro viloyatlari yuqori uchlikka kirdi. Toshkent shahri 7 ta yoʻnalishdan 5 tasida birinchi oʻrinni egallab, umumiy reytingda yetakchilikni qoʻlga kiritdi. Reytingning oxirgi qismida esa Surxondaryo, Namangan va Jizzax viloyatlari qayd etildi. Xususan, Jizzax viloyati taʻlim yoʻnalishida eng past koʻrsatkichlarni koʻrsatdi.

 

Markaz tomonidan ishlab chiqilgan metodologiya 57 ta indikator asosida baholashni nazarda tutadi. U sogʻliqni saqlash, taʻlim, iqtisodiyot, infratuzilma, imkoniyatlar, jinoyatchilik va tabiiy muhit kabi yetti yoʻnalishni qamrab oladi. Har bir indikator boʻyicha eng yaxshi koʻrsatkich 100 ball, eng past koʻrsatkich esa 0 ball sifatida baholangan. Reytingni tuzishda xalqaro tashkilotlar va OAV maʻlumotlaridan foydalanilgan boʻlsa-da, ustuvorlik Statistika agentligi hamda tegishli vazirlik va idoralar maʻlumotlariga berilgan.

 

Quyida reyting natijalari bilan tanishish mumkin:

 

Sogʻliqni saqlash: Toshkent shahri 61,84 ball bilan yetakchi boʻldi. Jizzax viloyati ham 60,48 ball bilan ijobiy natija koʻrsatdi. Biroq Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida pediatrlar sonining yetishmasligi va xavfli kasalliklarning yuqoriligi muammo boʻlib qolmoqda.

 

Taʻlim: Toshkent shahri 89,47 ball bilan birinchi oʻrinni egalladi. Buxoro va Sirdaryo ham yuqori koʻrsatkichlarga erishdi. Jizzax (51,86 ball) va Qashqadaryo (56,54 ball) esa soʻnggi oʻrinlarda. Ayniqsa, Qashqadaryoda maktabgacha taʻlim qamrovi pastligi kelajakda inson kapitali rivojiga salbiy taʻsir koʻrsatishi mumkin.

 

Iqtisodiyot: Poytaxt 98,21 ball bilan yetakchi. Sirdaryo va Surxondaryo viloyatlarida iqtisodiy faollik sust boʻlib, yangi ish oʻrinlari yaratish va ishlab chiqarishni kengaytirish dolzarb masala boʻlib qolmoqda.

 

Infratuzilma: Toshkent shahri (93,21 ball) va Toshkent viloyati (73,49 ball) yuqori oʻrinlarda. Surxondaryo (41,10 ball) va Jizzax (40,86 ball) infratuzilma boʻyicha eng oxirgi oʻrinlarda qayd etildi. Bu hududlarda internet qamrovi va transport masalalari jiddiy muammo boʻlib qolmoqda.

 

Imkoniyatlar: Toshkent shahri (91,63 ball) va Navoiy (81,74 ball) yetakchilik qildi. Jizzax (67,22 ball) va Surxondaryo (65,74 ball) past koʻrsatkichlar qayd etdi.

 

Jinoyat va tuzatishlar: Sirdaryo viloyati 80,61 ball bilan yuqori natijani qayd etib, jinoyatchilikni kamaytirish borasida samarali ish olib borayotganini koʻrsatdi. Xorazm va Toshkent shahrida esa bu boradagi koʻrsatkichlar past.

 

Tabiiy muhit: Surxondaryo 87,48 ball bilan yetakchi boʻldi. Namangan va Jizzax viloyatlarida esa ekologik muhit past koʻrsatkichlarni qayd etdi.

 

Tahlillar shuni koʻrsatadiki, Oʻzbekistonda ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot surʻatlari hududlar kesimida keskin farqlanadi. Toshkent shahri koʻplab yoʻnalishlarda yetakchilik qilgan boʻlsa-da, ayrim viloyatlar ham sezilarli yutuqlarga erishmoqda. Shu bilan birga, Jizzax, Surxondaryo va Namangan viloyatlarida ayrim sohalarda sustkashlik kuzatilmoqda. Mutaxassislar fikricha, mazkur reyting oddiy raqamlar toʻplami emas, balki hududlarning ichki imkoniyatlarini ochib beruvchi muhim koʻrsatkichdir.

 

Umumiy reyting quyidagicha:

 

1-oʻrin Toshkent shahri

2-oʻrin Navoiy viloyati

3-oʻrin Buxoro viloyati

4-oʻrin Xorazm viloyati

5-oʻrin Sirdaryo viloyati

6-oʻrin Samarqand viloyati

7-oʻrin Qoraqalpogʻiston Respublikasi

8-oʻrin Toshkent viloyati

9-oʻrin Andijon viloyati

10-oʻrin Fargʻona viloyati

11-oʻrin Qashqadaryo viloyati

12-oʻrin Namangan viloyati

13-oʻrin Surxondaryo viloyati

14-oʻrin Jizzax viloyati

 

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//