Prezident Yangi Toshkentdagi qurilish ishlari bilan tanishdi

Saqlash
09:42 / 21.08.2025 38 0

 

Prezident Shavkat Mirziyoyev 20-avgust kuni Yangi Toshkentdagi bunyodkorlik loyihalari taqdimoti bilan tanishdi.

 

Yangi Toshkent qurilishiga 2023-yilda start berilgan. Qurilishlar uchun Yuqori Chirchiq va Oʻrta Chirchiq tumanlaridan 19 ming 700 gektar yer ajratilgan. Loyihaning konsepsiyasi Buyuk Britaniyaning “Cross-works” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan.

 

Birinchi bosqichda olti ming gektar maydonda inshootlar qurilib, 600 ming aholi uchun zamonaviy sharoitlar yaratiladi. Loyiha toʻliq yakunlanganida 2 million nafar odam yashaydigan aylanadi.

 

 

Hozirgi kunda shaharning yerosti muhandislik tarmoqlari qurilmoqda. Xususan, bir va ikki seksiyali kollektorlar yotqizilyapti. Ular orqali markazlashgan issiqlik va suv quvurlari, elektr energiyasi, telekommunikatsiya kabi barcha muhandislik tarmoqlari yer ostidan oʻtkaziladi. Shuningdek, transportlarning erkin qatnovi uchun tunnellar va yerosti turargohlari quriladi.

 

“Har bir loyihada zamonaviy yondashuv, mukammal yechim va yashillik eʻtiborga olinmoqda. Xususan, ekologik toza transport tizimi tashkil etiladi. Metro va elektrobuslar harakati muvofiqlashtiriladi. Piyodalar hamda velosipedchilarning toʻsiqsiz va xavfsiz harakatlanishi uchun keng qulaylik yaratiladi” deyiladi xabarda.

 

Hududga 60 dan ortiq davlat idoralari uchun maʻmuriy binolar barpo etiladi. Bugungi kunda oʻndan ortiq vazirlik va idoralar shu yerdagi vaqtincha tashkil etilgan obektlarda faoliyat boshlagan.

 

Qayd etilishicha, shaharga koʻplab mahalliy va xorijiy investorlar qiziqish bildirmoqda. Bugungi kunda auksionda sotilgan 13 ta tijoriy lotlar boʻyicha 554 million dollarlik investitsiya shartnomalari tuzilgan.

 

Hududdagi qurilish jarayonida 160 ming nafar aholining bandligi taʻminlangan. Kelajakda esa shaharda innovatsion texnologiyaga asoslangan, yuqori daromadli yuz minglab doimiy ish oʻrni boʻladi. Buning uchun yangi taʻlim va tibbiyot klasterlari, axborot texnologiyalari xizmatlari va texnoparklar tashkil etiladi.

 

Prezident loyihalarga investitsiyalar jalb etish, dam olish joylari va xizmatlarni qulay yoʻlga qoʻyish boʻyicha tavsiyalar berdi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//