Mozori Sharifdagi Navoiy haykali buzib tashlandi. TIV Afgʻoniston hukumati bilan bogʻlandi

Saqlash
09:20 / 21.08.2025 97 0

 

Afgʻonistonning Mozori Sharif shahridagi Alisher Navoiy haykali mahalliy hokimiyat tomonidan butunlay vayron qilindi. “Tolibon” bu harakat hukumat bilan kelishilmaganini aytib, taassuf bildirdi va yangi yodgorlik oʻrnatishga vaʼda berdi. 2023-yildayoq Navoiyning bir necha yodgorligiga zarar yetgan va “Tolibon” ularni tiklashini aytgandi.

 

Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi Afgʻonistonning Mozori Sharif shahrida Alisher Navoiy haykali va yodgorligi buzilgani yuzasidan munosabat bildirdi.

 

Mahalliy Amu.tv nashrining yozishicha, bu harakat mamlakatda kelib chiqishi turkiy boʻlgan bir qator taʼlim vakillari va siyosatchilarni gʻazablantirgan.

 

 

“Ularning aytishicha, toliblar nafaqat boshqa xalqlarning maʼnaviy qadriyatlari va insoniyatning tarixiy shaʼniga bepisandlik qilmoqda, balki mamlakatning madaniy va tarixiy oʻziga xosligini tozalab tashlamoqda va kamsitmoqda”, deyiladi xabarda.

 

“20-avgust kuni eʼlon qilingan qoʻshma bayonotda 20 ta tashkilot vayronagarchilik ʼxalqning umumiy xotirasiga va Afgʻoniston umumiy oʻziga xosligining bir qismiga ochiqcha hujumʼ ekanini taʼkidladi. Ular YUNESKO, xalqaro madaniyat institutlari va inson huquqlari himoyachilarini Afgʻoniston merosini himoya qilish uchun shoshilinch choralar koʻrishga chaqirdi”, – deb yozadi Afghanistan International.

 

“Navoiy haykali oʻrnatilgan joy buyuk alloma xotirasiga yetarlicha munosib emasdi”

 

Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi Afgʻoniston hukumatidan olgan maʼlumotlariga koʻra, Alisher Navoiy haykali oʻrnatilgan joy buyuk alloma xotirasiga yetarlicha munosib emas edi, shoir va mutafakkir uchun yanada koʻrkam majmua qurilishi lozimligi bois yodgorlik mahalliy hokimiyat tomonidan buzib tashlangan.

 

“Afgʻoniston vakillari yodgorliklarni tiklash va umumiy merosimizga hurmat bilan munosabatda boʻlish choralarini koʻrishini maʼlum qildi”, – deyiladi TIV xabarida.

 

Taʼkidlanishicha, buzish ishlari Afgʻoniston Madaniyat va axborot vazirligi hamda jamoatchilik bilan kelishilmagan, afgʻon tarafi holat yuzasidan taassuf bildirgan.

 

Bundan tashqari, Afgʻoniston hukumati Navoiy sharafiga alohida yodgorlik barpo etishga vaʼda berdi. Hududni obodonlashtirish, shoir hayoti va ijodiga oid maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan yozuvlarni tiklash hamda yangi yodgorlik barpo etish, u joylashgan maydonga Navoiy nomi qoʻyilishi rejalashtirilmoqda.

 

Qoʻshimcha qilinishicha, “Afgʻoniston tomoni butun mintaqa uchun birdek qadrli boʻlgan buyuk mutafakkir xotirasini asrab-avaylash borasidagi qatʼiy sodiqligini bildirgan holda uning nomini munosib eʼzozlash uchun barcha zarur choralarni koʻradi”.

 

Aslida Mozori Sharifdagi Alisher Navoiy haykali tushirilgan barelefga 2023-yilda zarar yetkazilgandi. Uning oʻrnida oq devor qolgan, shuningdek, shoirning graffiti uslubidagi portreti parchalangandi.

 

Oʻshanda ham Oʻzbekiston TIV ushbu masala yuzasidan Afgʻoniston vakillari bilan bogʻlangan. Ular esa holatni vandalizm deb atagan va bu muvaqqat hukumatning rasmiy siyosatini aks ettirmasligini aytgandi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//