Oʻzbekistonda xalqaro adabiy festival oʻtkaziladi

Saqlash
21:59 / 10.01.2022 946 0

2022-yilning sentyabr oyida Toshkent va Buxoro shaharlarida “Buyuk ipak yoʻlidagi adabiy festival” boʻlib oʻtadi. Ushbu xalqaro tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Turizm va sport vazirligi, Yozuvchilar uyushmasi hamda mamlakatimizning Londondagi elchixonasi va “Buyuk ipak yoʻlidagi adabiy festival” maʼmuriyati hamkorligida tashkil etilmoqda.

 

Festivalda Markaziy Osiyo mintaqasi tarixi va madaniyatiga oid asarlar chop etgan xorijiy yozuvchilar, noshirlar, adabiy agentlar va kitob sotuvchilari, shuningdek, oʻzbek yozuvchi va shoirlari ishtirok etishi koʻzda tutilmoqda. Tadbirdan koʻzlangan maqsad oʻzbek yozuvchi va shoirlarining asarlari uchun Yevropa nashrlariga yoʻl ochish, xorijiy oʻquvchilarni mamlakatimizning boy adabiy va madaniy anʼanalari hamda bugungi kuni bilan tanishtirishdan iborat. Rejaga koʻra, ushbu xalqaro festival har yili Buyuk ipak yoʻlida joylashgan mamlakatlarning birida oʻtkazilishi kerak. Oʻzbekiston mazkur festivalni qabul qilgan birinchi mamlakat boʻladi.

 

Festivalni tashkil etishda Buyuk Britaniya tomonidan “Shute Festival” adabiy festivali maʼmuriyati, Osiyo adabiy agentligi, Osiyo ishlari boʻyicha Qirollik jamiyati va Britaniya kengashi ishtirok etadi. Festival doirasida yigirmadan ortiq tadbirlar oʻtkaziladi. Bular adabiy munozaralar, yangi kitoblar taqdimoti, dolzarb adabiy mavzulardagi seminarlardir.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//