«Omikron» bolalar uchun koʻproq xavf tugʻdirishi mumkinligi maʼlum qilindi

Saqlash
19:58 / 10.01.2022 806 0

Dunyoda pandemiya davrida koronavirusga chalinganlar soni 307 million nafarga yetdi. Shundan qariyb 5,5 million kishi ushbu xastalik tufayli hayotdan koʻz yumgan.

 

Umumiy kasallanish koʻrsatkichlari boʻyicha birinchi oʻrinda AQSH (60,2 mln.), ikkinchi oʻrinda Hindiston (35,7 mln.), uchinchi oʻrinda Braziliya (22,5 mln.) va toʻrtinchi oʻrinda Buyuk Britaniya (14,5 mln.) turibdi.

 

Infeksiyaga chalinish bilan bogʻliq kunlik statistikada esa oʻtgan haftaga nisbatan pasayish kuzatilmoqda. Kecha jahonda jami 2 millionga yaqin yangi holat qayd etilgan. 7-yanvar kuni bu koʻrsatkich 2,9 millionga yaqinlashgandi.

 

Xususan, 9-yanvar holatiga koʻra, AQSHda 446 mingdan ziyod, Fransiyada 296 ming, Braziliyada 200 ming, Hindistonda 179 ming, Buyuk Britaniyada 141 ming nafar bemorda “SOVID-19” aniqlangan. Kasallanish holatlarining aksariyatini «omikron» shtammi tashkil etmoqda.

 

Rossiyalik taniqli virusolog olim Aleksandr Chepurnov kecha ushbu shtamm haqida yangi xulosani aytdi. Uning fikricha, mazkur mutatsiya inson tanasida boshqa infeksiyalar bilan bir vaqtning oʻzida birlashishga qodir. Bu bemor bir paytning oʻzida koronavirusning ikki varianti bilan kasallanishi mumkinligini anglatadi.

 

Kiprda aniqlangan holat ham mutaxassislar eʼtiborini jalb qildi. Bu yerda bir guruh mahalliy olimlar tomonidan “delta” va «omikron» shtammlari gibrididan iborat koronavirusning yangi varianti aniqlandi. Tadqiqotchilar unga «deltakron» nomini berishdi.

 

Kiprlik virusologning soʻzlariga koʻra, yangi variant “delta” kabi genetik asosga ega, biroq uning bir qator mutatsiyalari «omikron» bilan bir xil.

 

Hindistonlik olim Animesh Arya «omikron» koʻproq bolalar uchun xavf tugʻdiradi, degan fikrda. Uning qayd etishicha, bolalarning nafas olish yoʻllari kattalarnikiga nisbatan kichikroq. Yangi shtamm koʻproq yuqori nafas yoʻllariga taʼsir koʻrsatayotganini hisobga olsak, u jajji bemorlar soni ortishiga olib kelishi mumkin.

 

«Omikron»ning paydo boʻlishi pandemiyaning eng oʻtkir bosqichi yakunlanish arafasida ekanligini anglatadi, deb bayonot berdi Janubiy Afrika Respublikasi olimlari.

 

Bu xulosaga kelishdan avval mutaxassislar guruhi kasalxonada tadqiqot oʻtkazishgan. Soʻnggi paytlarda koronavirusga chalingan 466 nafar bemor va ancha avval virusdan sogʻaygan 3976 nafar kishining maʼlumotlari tahlil qilingan.

 

Aniqlanishicha, pandemiyaning yangi toʻlqini davrida bemorlarning atigi 4,5 foizi kasalxonada vafot etgan. Bu koʻrsatkich avvalgi toʻlqin paytida 21 foizni tashkil etgan. Shuningdek, jonlantirish boʻlimlariga yotqizilganlar soni keyingi paytlarda keskin kamaygan. Bemorlarning statsionar sharoitda sogʻayishi ham oʻrtacha 8-9 kundan 4 kunga qisqargan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//