Zominda “Midea” brendi ostida yiliga 300 ming dona maishiy elektr texnikalari ishlab chiqariladi

Saqlash
14:31 / 22.07.2025 36 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev 22-iyul kuni Jizzax viloyatiga tashrif buyurib, Zomin texnoparki maxsus sanoat zonasini borib koʻrdi, deya xabar berdi Prezident matbuot xizmati.

 

Mazkur majmuaning qurilishi 2024-yil 27-iyunda davlat rahbari tomonidan boshlab berilgan. 400 gektarda barpo etilayotgan texnoparkda xitoylik investorlar bilan birga 1 milliard 200 million dollarlik 31 ta loyiha amalga oshiriladi.

 

Oʻtgan davrda zarur infratuzilma va inshootlar barpo etilgan. Yaqinda ilk korxona - “Xinjiang Honglin Tiandi” kompaniyasi tomonidan qiymati 10 million dollarlik beton mahsulotlari tayyorlash loyihasi ishga tushirildi. Unda 60 kishining bandligi taʼminlangan.

 

Ayni kunlarda 42 million dollarlik ikkinchi loyiha boʻyicha ishlar yakuniy bosqichda. Unda “Midea” brendi ostida yiliga 300 ming dona maishiy elektr texnikalari ishlab chiqariladi. 150 ta ish oʻrni ochiladi.

 

 

Tashrif davomida Prezidentga shu va navbatdagi loyihalar haqida axborot berildi.

 

Qayd etilishicha, birinchi bosqichda maxsus sanoat zonasiga 9 ta loyiha joylashtirilgan. Hozirda qariyb 300 million dollarlik yana 7 ta loyiha boʻyicha qurilish ishlari davom etmoqda. Ularda qurilish materiallari, konstruksiyalar, elektr texnikasi va kimyo mahsulotlari ishlab chiqariladi, logistika va trening markazi tashkil etiladi.

 

Umuman, sanoat zonasidagi barcha loyihalar natijasida qariyb 5 trillion soʻmlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqariladi, 15 turdagi yangi mahsulot oʻzlashtirilib, 70 million dollarlik eksport salohiyati yaratiladi. Bunda 5 mingdan ortiq fuqaro ish bilan taʼminlanadi.

 

Prezident shuningdek, tashrif davomida investorlarga koʻmaklashib, loyihalarni tezlashtirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi. Sanoat sohalariga mos mutaxassislar tayyorlash, yoshlar bandligini taʼminlash muhimligini taʼkidladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//