
Jamiyat
“Yuksalish” harakati aholiga birlamchi tibbiy xizmat ko‘rsatish sohasidagi korrupsion omillarni o‘rgandi.
Jami 4 821 nafar respondent qatnashgan so‘rovnomada ishtirokchilarning 1968 nafarini aholi vakili, 2853 nafarini esa tibbiyot muassasa xodimi tashkil etgan.
Aholi tomonidan qatnashganlarning 65 foizi poliklinika va oilaviy shifokorlik punktlarida tibbiy xizmatlardan foydalanishda tibbiyot xodimiga pul yoki sovg‘a (shifokor qabuliga tezroq kirish, yaxshiroq muomala yoki ma’lumotnoma (spravka)/mehnatga layoqatsizlik varaqasini olish maqsadlarida) bermaganligini bildirgan. 15 foiz respondent esa bepul tibbiy xizmatdan foydalanishda tibbiyot xodimlariga pul yoki sovg‘alar berganligini ta’kidlagan. Shuningdek, 14 foiz respondent bu kabi holatlarni eslay olmasligini, 6 foizi esa ushbu savolni javobsiz qoldirishini ma’lum qilgan.
Korrupsiyaviy omilga yo‘l qo‘ygan respondentlarning 152 nafari bu holatda o‘zi tashabbuskor bo‘lganini, 93 nafari esa tibbiyot xodimlari so‘ragani yoki sha’ma qilganini bildirgan. Bundan tashqari, 49 nafar respondent ushbu holat har ikki tomonning o‘zaro roziligi bilan amalga oshirilganligini ta’kidlagan.
Bundan tashqari, birlamchi tibbiyot muassasalarida yuqoridagi kabi norasmiy munosabatlarning (suyunchi, minnatdorlik, pora) qanchalik tarqalgani bo‘yicha respondentlar munosabati ham o‘rganilgan. Unga ko‘ra, respondentlarning 39 foizi oilaviy poliklinika va shifokorlik punktlarida bu kabi holatlar ba’zan kuzatilishini bildirgan bo‘lsa, 23 foizi deyarli uchramasligini, 20 foizi umuman uchramasligini va 17 foizi juda keng tarqalganligini urg‘ulagan. Respondentlarning 1 foizi ushbu savolni javobsiz qoldirishni ma’qul deb topgan.
So‘rov natijalariga qaralsa, 37 foiz ishtirokchi bepul tibbiy xizmat uchun minnatdorlik sifatidagi korrupsiyaning eng ko‘p tarqalgan ko‘rinishi sovg‘a yoki pul berish ekanini, 26 foiz respondent xizmat uchun yashirincha pul olish ko‘rinishida va 5 foizi boshqa ko‘rinishlarda kuzatilishi haqida fikr bildirganini ko‘rish mumkin. Qolgan ishtirokchilarning 30 foizi bo‘lsa tizimda korrupsiya yo‘qligini aytgan. 2 foiz respondent ushbu savolni javobsiz qoldirgan.
Birlamchi tibbiyot tizimida korrupsiyaning boshqa turlari borligini ta’kidlagan ishtirokchilar asosan tug‘uruqxonalarda suyunchi puli va shu kabi boshqa minnatdorchilik ko‘rinishida, tibbiyot xodimlari tomonidan bemorlarga o‘zlari manfaatdor bo‘lgan va hamkorlikda ishlaydigan farmatsevtika kompaniyalarining dori vositalariga asoslangan retseptlar tuzish ko‘rinishida, operatsiyalarni o‘tkazish ko‘rinishida uchrashini ma’lum qilgan.
Tadqiqotchilar tomonidan ishtirokchilarga (xabardorligini baholash maqsadida) birlamchi tibbiyot muassasalarida korrupsion holatlarga guvoh bo‘lganda qanday yo‘l tutishi yuzasidan savol ham berilgan.
Mazkur turdagi savolga 37 foiz respondent “tibbiyot xodimlari tomonidan OP va OSHPlarda noqonuniy pul talab qilish holatlariga duch kelinganda tezlik bilan tegishli idoralarga xabar berishini”, 34 foiz qatnashchi “ehtimol xabar berishini”, 16 foiz ishtirokchi “bu savolga javob bera olmasligini” va 13 foizi esa “hech kimga xabar qilmasligini” bildirgan.
So‘rovnomada qatnashgan tibbiyot xodimlari ham “Sizningcha, oilaviy poliklinikalar va oilaviy shifokorlik punktlarida (birlamchi tibbiyot) korrupsiya bormi?” degan savolga turlicha javob bergan.
Jumladan, 56 foiz respondent “yo‘q” deb javob bergan bo‘lsa, ularning 29 foizi “bilmayman” deb, 12 foizi esa “ha, bor” deb javob bergan. 3 foiz respondent ushbu savolni javobsiz qoldirishni ma’qul deb topgan.
Yakuniy xulosaga asosan, quyidagi muammolar aniqlangan:
▪️ aholi orasida bepul tibbiy xizmat uchun minnatdorchilik sifatida pul yoki sovg‘a berish kabi norasmiy to‘lovlarning mavjudligi;
▪️ ham aholi, ham tibbiyot xodimlari tomonidan past oylik maoshlar korrupsiyaning asosiy omili sifatida ko‘rsatilganligi;
▪️ aholi orasida “shunday qilish kerak” degan tushunchaning mavjudligi norasmiy munosabatlarning saqlanib qolishiga sabab bo‘layotganligi;
▪️ ortiqcha qog‘ozbozlik va elektron tizimlarning to‘liq joriy etilmaganligi tizimda korrupsiya uchun imkoniyatlar yaratayotganligi;
▪️ korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha aholi va tibbiyot xodimlarining huquqiy ongini oshirish bo‘yicha ishlar yetarli darajada tashkil etilmaganligi;
▪️ korrupsion holatlarga guvoh bo‘lganda aholining tegishli idoralarga murojaat qilishga ikkilanishi.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Sport
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q