Yangicha qarashlardan tortib, ilk bor eʼlon qilingan esdaliklargacha – “Oʻzbekiston tarixi” jurnalida nimalarni oʻqiymiz?

Saqlash
11:31 / 07.07.2025 85 0

“Oʻzbekiston tarixi” jurnalining 2025-yil 1-soni nashrdan chiqdi. Jurnalda tarix fanlari doktori, professor Shopoʻlat Shaydullayevning “Temurbekning “uch aylanasi” haqida”gi maqolasi berilgan boʻlib, unda muallif Amir Temurning davlat ramzi – bayrogʻidagi belgilar boʻyicha mulohazalarini ilmiy jihatdan asoslaydi. Tarixiy manbalar asosida ushbu belgi faqat geosiyosiy qudrat emas, balki olam muvozanati, inson va tabiat oʻrtasidagi uygʻunlik, barkamollik va birlik gʻoyasini ham ifodalashini koʻrsatadi. Shuningdek, uch aylanani yer, osmon va insonni anglatuvchi asosiy olam unsuri sifatida falsafa, astronomiya va geometriya fanlari nuqtai nazaridan ham talqin qiladi.

 

Tarix instituti direktori, akademik Azamat Ziyoning “Turon sivilizatsiyasidan Yangi Oʻzbekistongacha” maqolasida Turon sivilizatsiyasining koʻpming yillik taraqqiyot yoʻli asoslab berilgan. Tarixchilik fanida ilk marta jiddiy ravishda oʻrtaga tashlanayotgan ushbu mavzu doirasida tahliliy fikr yuritgan muallif qator masala va yoʻnalishlar boʻyicha yangi va oʻziga xos qarashlar, yondashuvlar va xulosalarni ilgari suradi. Azamat Ziyoga koʻra Yangi Oʻzbekiston aslida Turon sivilizatsiyasining mantiqiy davomidir.

 

Jurnalning “Hujjatlar tilga kirganda” ruknida tarix fanlari doktori Dilnoza Jamolova tomonidan Turkiston jadidchilik harakatining yorqin vakili Vadud Mahmudning Mahmudxoʻja Behbudiy haqidagi esdaliklari ilk marta eʼlon qilinmoqda. Besh daftardan iborat ushbu xotiralar Mahmudxoʻja Behbudiy hayoti va faoliyatining bizga nomaʼlum boʻlgan ayrim jihatlarini aniqlashtirib beradi. Shuningdek, Turkistonda kechgan jarayonlar, jadidchilikning mazmun-mohiyati, Samarqand hududida bosqinchilarga qarshi qoʻrboshilarning qurolli kurashlari va boshqa masalalar haqida maʼlumot berilgan.

 

Tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori Odiljon Hamidov miloddan oldingi 6 – 4-yuzyilliklarda Turon tarixini tadqiq qilish manbalari haqida batafsil tahliliy fikr yuritadi. Maʼlumki, bu davr tarixiga bagʻishlangan tadqiqotlarda yunon va rim tarixchilari Gerodot, Ktesiy, Polienning maʼlumotlari hamda ayrim arxeologik topilmalar asosidagi xulosalar ustunlik qiladi. Siyosiy tarixning baʼzi jihatlari ochiqlanib, iqtisodiy va ijtimoiy hayot haqida deyarli maʼlumot berilmaydi. Muallif mavzu doirasidagi izlanishlari asosida muammoni oʻrganishda muhim boʻlgan yozma va moddiy manbalarni tahlilga tortgan. Yozma manbalarga “Avesto”, qadimgi fors tilidagi yozuvlar, elam tilidagi hujjatlar (jumladan, Persepol arxivlari), akkad, oromiy tillaridagi manbalar, yunon-rim tarixchilari asarlari va muqaddas kitoblar, moddiy manbalarga arxeologiya yodgorliklari, muhrlar, yozma yodgorliklar (bitiklar), tangalar, sugʻorish inshootlari, mehnat qurollari, harbiy buyumlar, zeb-u ziynatlar, shaxsiy narsalar, arxeobotanik va zoologik topilmalarni kiritib, ular orqali Turonning eng eski tarixi boʻyicha xolis fikr bildirish mumkinligini taʼkidlaydi.

 

Institutning tayanch doktoranti Mavluda Rahmonovaning “Sovet hokimiyatining majburiy koʻchirish siyosati va Oʻzbekiston SSR” maqolasida sovetlar uchun “shubhali” sanalgan koreyslar, polyaklar, nemislar, qalmiqlar, qorachoylar, bulgʻorlar, chechenlar, ingushlar, turk-mesxetilar, qrim tatarlari va boshqa millatlarning imperiyaning 49 ta hududi, jumladan, Oʻzbekiston SSRga majburiy badargʻa qilinishi masalalari tarixiy manbalar asosida ochib berilgan. Muallif koʻchirilganlar taqdirini koʻrsatib berar ekan, sovet hukumatining “xalqlar turmasi” boʻlganini ilmiy asoslab beradi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//