O‘zbekiston хalq shoiri Anvar Obidjon xotirlandi

Saqlash
15:45 / 08.01.2022 1591 0

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Oltiariq tuman bo‘linmasi tashabbusi bilan tuman madaniyat bo‘limi, bolalar musiqa va san’at maktabi, Erkin Vohidov uy muzeyi ma’muriyati, tuman axborot-kutubxona markazi hamkorligida 8-yanvar – O‘zbekiston хalq shoiri Anvar Obidjon tavalludiga bag‘ishlangan "Hayotning har lahzasi go‘zal" nomli adabiy kecha tashkil etildi.

 

Tadbirda hududda faoliyat olib borayotgan ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchilar, nuroniylar, ma’naviyat faxriylari va o‘quvchi yoshlar ishtirok etdi.

 

Tadbirni Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Oltiariq tuman bo‘linmasi rahbari Alisher Xonkeldiyev ochib, Anvar Obidjonning barakali ijodiy faoliyati haqida yig‘ilganlarga ma’lumot berdi. Shundan so‘ng, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Qilichbek Tojiyev, xonandalar Allomjon Munirov, Saidjon Rahimov, Elbek Madaliyev shoir she’rlariga bastalangan qo‘shiqlar  ijro etishdi.

 

Oltiariq madaniyat bo‘limi qoshidagi drama to‘garagi a’zolari "Oltiariq hangomalari" asari asosida sahna ko‘rinishi ijro etdilar, 14-umumta’lim maktabi o‘quvchilari esa shoir ijodidan hajviy she’rlar o‘qishdi.

 

Tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, yozuvchi va jurnalist, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi Alisher Ibodinov, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi a’zosi, sozgar Rahmonali Nortojiyev, oltiariqlik shoirlar Akramjon Azizov, Eminjon Qulmatov, ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchilar Anvar Obidjon va uning ijodi haqida iliq xotiralar va taassurotlarini gapirib, o‘z ijod namunalaridan o‘qib eshittirdilar.

 

Shuningdek, tuman miqyosida "Yilning eng faol targ‘ibotchisi" nominasiyasi bo‘yicha g‘oliblar aniqlandi. Ularga Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tuman bo‘linmasining tashakkurnomalari topshirildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//