Bir guruh o‘qituvchilar Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligini sudga berdi

Saqlash
13:14 / 04.07.2025 30 0

Bir guruh o‘qituvchilar attestatsiya natijalaridan norozi bo‘lib Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligini sudga berdi. “Xalq ta’limi info”ning xabar qilishicha, ular attestatsiya imtihonlarini qayta o‘tkazish majburiyatini yuklash, ma’naviy ziyon va vakil xarajatlarini undirish yuzasidan da’vo arizasi kiritdi.

 

O‘zbekistonda 15-apreldan 14-maygacha pedagoglar uchun attestatsiya test sinovlari bo‘lib o‘tgandi. Mazkur malaka test sinovlarida ishtirok etish uchun 190 mingga yaqin pedagoglar onlayn ariza topshirgan bo‘lib, ularning 177 ming 640 nafari yoki umumiy arizachilarning 95 foizi jarayonlarda qatnashdi.

 

Attestatsiya natijalariga ko‘ra, 10 504 nafar pedagog oliy toifa, 23 200 nafar pedagog birinchi toifa, 27 805 nafar pedagog ikkinchi toifa uchun yetarli ball to‘plab, ijobiy natijalar qayd etdi. Shuningdek, 6 603 nafar pedagog mutaxassis lavozimini saqlab qoldi. Umumiy hisobda 73 mingdan ziyod pedagoglar ijobiy natija ko‘rsatgan. Ammo 104 mingga yaqin (58,9 foiz) pedagoglar attestatsiyadan o‘tolmagan.

 

O‘qituvchilar nega norozi?

 

Attestatsiya test sinovlari davom etayotgan bir vaqtda ijtimoiy tarmoqlarda ayrim fan o‘qituvchilarining attestatsiyada tushgan test savollaridan norozi ekanligi aks etgan xabarlar tarqaldi. 

 

Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari Sardor Rajabov esa test topshiruvchilar o‘zining balidan qoniqmagan bo‘lsa yoki berilgan savol spetsifikatsiyadan tashqari deb hisoblanayotgan bo‘lsa, shuningdek u yerda xatolik bor deb hisoblasa, appelyatsiya berishi lozimligini eslatdi.

 

Ammo attestatsiya natijalaridan norozi bo‘lgan o‘qituvchilarning shikoyat arizalariga apellyatsiya komissiyasi tomonidan deyarli bir xil mazmundagi javoblar yuborildi. Bu esa pedagoglarning turli xil e’tirozlariga sabab bo‘ldi.

 

Ko‘plab pedagoglar bu holatni haqiqatdan ham test savollarining o‘ta murakkabligi, validlik talablariga javob bermasligi, ayrim hollarda esa testlarning mavzuga aloqador emasligi bilan izohladi.

 

Pedagoglar tomonidan sudga kiritilgan da’vo arizasida attestatsiya jarayonlariga oid 9 ta e’tirozli holatlar keltirilgan bo‘lib, ulardan eng asosiy urg‘u test savollarining murakkablik darajasi belgilangan vaqt me’yoriga mutanosib emasligi hamda savollar tuzish jarayonida validlik va testologiya qoidalariga rioya etilmaganiga qaratilgan.

 

Shuningdek, da’vo arizasida keltirilishicha, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi apellyatsiya komissiyasi tomonidan pedagoglarning shikoyatlari asosli, huquqiy va daliliy baholanmasdan, “asossiz” deya topilib, rad etilgan.

 

Vazirlar Mahkamasining “Maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari pedagog kadrlarini attestatsiyadan o‘tkazish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2021-yildagi 572-sonli qarorning 60-bandida apellyatsiya komissiyasi qarori nusxasi apellyatsiya komissiyasi qarori chiqqan kundan e’tiboran 5 kun muddatda murojaat etuvchi pedagog kadrning shaxsiy kabinetiga yuborilishi belgilangan bo‘lishiga qaramay, ushbu talablar vakolatli organ tomonidan bajarilmagan.

 

Imtihonlarini qayta o‘tkazish talab qilinmoqda 

 

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga pedagog kadrning bilimi noto‘g‘ri baholangani, o‘quv fani bo‘yicha test va malaka sinovi materiallarida xato va kamchiliklar borligi, shuningdek, sinovlarni o‘tkazish jarayonida tashkiliy-texnik jihatdan kamchiliklar bo‘lgani sababli attestatsiya imtihonlarini qayta o‘tkazish majburiyatini yuklash, shuningdek pedagoglarga yetkazilgan ma’naviy zararni undirish bo‘yicha sudga da’vo arizasi kiritilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//