Nodavlat OTMlar faoliyatini litsenziyalashga qoʻshimcha shartlar kiritildi

Saqlash
10:32 / 03.07.2025 64 0

 

Vazirlar Mahkamasining “Respublikada nodavlat taʻlim xizmatlari sifatini oshirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 403-sonli qarori qabul qilindi.

 

Unga koʻra, litsenziyalashning qoʻshimcha shartlari quyidagilardan iborat boʻladi:

 

– talabgor tomonidan tashkil etilayotgan oliy taʻlim tashkilotining konsepsiyasi taqdim etiladi;

 

Konsepsiyada esa quyidagilar koʻrsatiladi:

 

▪️ taʻlim tashkilotining nomi;

 

▪️ maqomi;

 

▪️ boshqaruv tizimi va kadrlari;

 

▪️ asosiy taʻlim va ilmiy faoliyat yoʻnalishlari;

 

▪️ qabul parametrlari;

 

▪️ taʻlim sifatini taʻminlash tizimi va vositalari;

 

▪️ toʻlov-kontrakt miqdori va uning hisob-kitobi;

 

▪️ taʻlim tashkilotini rivojlantirish boʻyicha 5-yillik strategik rejasi;

 

▪️ taʻlim tashkiloti faoliyatiga oid boshqa muhim masalalar.

 

– talabgor tomonidan nodavlat oliy taʻlim tashkilotining taʻlim jarayoni bilan bevosita bogʻliq boʻlgan moddiy-texnik baza, dasturiy taʻminotni oʻz ichiga olgan dastlabki ustav fondi (ustav kapitalini) 2 mln AQSH dollari ekvivalentidan kam boʻlmagan miqdorda shakllantiriladi;

 

Keyinchalik talabalar sonining koʻpayib borishiga mutanosib ravishda ustav fondi oshirib boriladi;

 

– Talabgor tomonidan 350 ming AQSH dollari ekvivalentidagi mablagʻlar tijorat banklaridagi depozitlarga zaxiraga joylashtiriladi;

 

– Tashkil etilayotgan oliy taʻlim tashkilotining taʻlim jarayoniga moʻljallangan bino va inshootlari maydoni 5 ming kv/metrdan kam boʻlmasligi lozim. Bunda bino universitetning oʻz mulki boʻlishi shart emas, kamida 5-yil muddatga tuzilgan ijara (tekin foydalanish) shartnomasi asosida ish boshlash ham mumkin;

 

– Oliy taʻlim tashkiloti tashkil etilgan vaqtdan boshlab dastlabki 5-yil davomida uning yillik sof foydasining kamida 80 foizi, keyingi yillarda esa kamida 50 foizi mazkur taʻlim tashkilotining asosiy faoliyatini rivojlantirishga yoʻnaltiriladi.

 

Ushbu qaror rasmiy eʻlon qilingan kundan eʻtiboran uch oy oʻtgach kuchga kiradi.

 

Qaror kuchga kirgunga qadar litsenziya olgan tadbirkorlik subyektlari 2026-yil 1-yanvarga qadar oʻz faoliyatini yangi litsenziya talablari va shartlari asosida tashkil etishi lozimligi belgilangan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//