“Buyuklar haqida 100 ta dalil” kitoblar toʻplamining taqdimoti oʻtkazildi (foto)

Saqlash
15:17 / 02.07.2025 78 0

1-iyul kuni Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tomonidan “Oʻzbekiston tarixi” telekanali hamda Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi hamkorligida tayyorlangan “Buyuklar haqida 100 ta dalil” kitoblar jamlanmasi taqdimoti boʻlib oʻtdi. Taqdimot odatdagidan boshqacharoq formatda – kitob gʻoyasiga mos tarzda, musiqiy chiqishlar hamda qiziqarli viktorinalar bilan oʻtkazildi.

 

 

Tadbirni Markaz rahbari Otabek Hasanov ochib berdi. Kirish soʻzi boshida mazkur toʻplam moʻjazgina boʻlishiga qaramay, uning ustida bir qator mutaxassislar mehnat qilganini taʼkidladi.

 

 

Ushbu kitoblar toʻplami “100 ta dalil” loyihasi doirasidagi ilk qadam, unda 10 nafar dunyoga mashhur ajdodlarimiz haqida eng muhim, bilishimiz zarur bo‘lgan ma’lumotlar jamlangan. Kitoblar 8 ta tilda chop etilgan.

 

 

Soʻzni Azamat Ziyo oʻz mulohazalari bilan davom ettirdi.

 

 

Olimlar, ziyolilar, sanʼat vakillari va yoshlar faol ishtirok etgan taqdimotda kitob haqida yetarlicha tasavvur shakllantirish maqsadida maxsus rolik namoyish etildi.

 

 

“Hamma bilishi shart” shiori ostidagi mazkur loyiha yoshlar orasida ommalashishi uchun undagi tasvirlar sunʼiy intellekt yordamida yaratilgan. Jang sahnalari qiziqarli tarzda koʻrsatilib, buyuklarimiz buyukligini isbotlovchi maʼlumotlar bilan boyitilgan. Ularni kitobdagi maxsus Qr-kodlar orqali tomosha qilish mumkin.

 

 

Otabek Hasanov bu bilan loyiha toʻxtab qolmasligini, davomli tarzda buyuklarimiz haqidagi maʼlumotlarga boy kitobchalarni nashr qilishda davom etishlarini bildirdi.

 

 

“Buyuk ota-bobolarimizning ishlari juda koʻp. Lekin biz oʻzimizga savol berdik: bu kitoblar kim uchun? Yangi Z avlod uchun tayyorlandi. Butun dunyoda ijtimoiy tarmoqlar yoshlarni qisqa-qisqa kontentga oʻrgatib qoʻydi. Kitob taqdimotlari ham yangicha shaklda oʻta boshladi. Sababi, bugun shunday zamon” – deydi Hasanov.

 

Maʼlumot uchun: toʻplamningning ilmiy maslahatchisi akademik Azamat Ziyo, masʼul muharrir filologiya fanlari falsafa doktori Shuhrat Hayitov, gʻoya muallifi Sitora Barliboyeva sanaladi.

Tarix instituti boʻlim boshligʻi, tarix fanlari nomzodi Sherzodxon Mahmudov, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti tadqiqotchisi Nuriddin Ubaydullayev, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti tadqiqotchisi Bekzod Ibragimov, Tarix instituti kichik ilmiy xodimi Islom Boʻriyev, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti tadqiqotchisi Shozod Normurodov, sahifalovchi dizayner Ahror Malikov, muharrir Zuhriddin Qudratov, shuningdek, “Oʻzbekiston tarixi” telekanali jamoasi boʻlsa tuzuvchi boʻlib xizmat qilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//