Prezident Davlat xavfsizlik xizmatining harbiy taʼlim muassasalari majmuasini borib koʻrdi

Saqlash
13:59 / 08.01.2022 1023 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyev 7-yanvar kuni Davlat xavfsizlik xizmatining harbiy taʼlim muassasalari faoliyati bilan tanishdi.

 

Davlatimiz rahbarining 2019-yil 28-iyundagi qarorida oʻsmirlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, mamlakatimiz Qurolli Kuchlari va davlat xizmati uchun kadrlar tayyorlash boʻyicha yangi tizim belgilangan edi. Unga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati va Milliy gvardiya tarkibida “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseylari tashkil etildi.

 

Xususan, Davlat xavfsizlik xizmatining Temurbeklar maktabi uchun poytaxtimizning Yunusobod tumanida yangi bino qurildi.

 

Tashrif chogʻida Prezidentimizga harbiy-akademik litseydagi oʻqitish tizimi haqida maʼlumot berildi.

 

Davlatimiz rahbari 2020-yil oktyabrda bu yerga kelganida hamda Xavfsizlik kengashining oʻtgan yilgi yigʻilishida harbiy taʼlimni takomillashtirish, yoshlarni yurtimiz tarixi va bobolarimiz jasorati asosida vatanparvar etib tarbiyalash boʻyicha koʻrsatmalar bergan edi.

 

Temurbeklar maktabida oʻqish shunday tashkil etilgan. Buning uchun beshta kafedra: aniq fanlar, ijtimoiy-gumanitar fanlar, xorijiy tillar, psixologiya va tarbiya fanlari hamda kasbiy-amaliy fanlar kafedralari ochilgan. Ularga yuqori malakali pedagoglar ochiq tanlov asosida qabul qilingan.

 

Litsey tarix fani va xorijiy tillarga ixtisoslashgan. Yoshlar orasida bu yerda oʻqishga intilish juda kuchli. Joriy oʻquv yilida 5 ming 600 nafar talabgordan eng bilimli 100 nafari saralab olingan. Bugungi kunda 220 nafar oʻquvchi saboq olmoqda.

 

Prezident lingafon, psixodiagnostika va maʼnaviyat xonalarini kirib koʻrdi. Amir Temur merosini oʻrganish markazida yoshlar bilan suhbatlashdi.

 

– Mana shunday ilgʻor maktabda oʻqiyotganingiz bilan sizlarni, ota-onalaringizni tabriklayman. Sizlar yangi Oʻzbekistonning qanotisizlar. Bu qanotlar nima bilan kuchli boʻladi? Bilim bilan! Kamida ikki-uchta tilni, aniq fanlarni va tariximizni mukammal bilishingiz kerak. Mana, bu maktabda psixologiya fanini ham kiritdik, uniyam yaxshi oʻrganing. Sizlarda hamma imkoniyat bor, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

 

Shu yerda videokonferensiya orqali Toshkent, Nukus, Fargʻona va Shahrisabz shaharlaridagi Temurbeklar maktabi oʻquvchilari bilan ham muloqot boʻldi.

 

Ushbu maktablar oʻquvchilari oʻrtasida maʼnaviyat boʻyicha tanlov oʻtkazish, Temur tuzuklarining har bir tuzugi boʻyicha ilmiy sharhlar yozish muhimligi taʼkidlandi.

 

Davlatimiz rahbari litsey kutubxonasida ham boʻldi. U yerda kitob oʻqib oʻtirgan yigitlar taʼlim maskanida yaratilgan sharoitlar, oʻquvchilar oʻrtasidagi doʻstona muhit haqida soʻzlab berdi. Ular orasida Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari ham bor.

 

– Mamlakatimizda hech bir bola eʼtibordan chetda qolmaydi, hammasining rivojlanishi uchun sharoit yaratayapmiz. Faqat qaysi yosh oʻzini qiynab, vaqtini bekor oʻtkazmay, koʻproq bilim olsa, kelajakda muvaffaqiyatga erishadi. Hamma buyuklik niyatdan keladi, mehnatdan keladi, – dedi Prezident.

 

Litseyning oʻquv binosi, sport zali, yotoqxona, oshxona, tibbiy xizmat markazida eng zamonaviy sharoitlar yaratilgan. Shuningdek, majmua harbiy mashgʻulotlar maydoni, stadion, suv havzasi, avtodrom va plasni oʻz ichiga olgan.

 

Temurbeklar maktabining Amir Temur nomidagi Davlat xavfsizlik xizmati akademiyasi bilan yonma-yon barpo etilgani ham ahamiyatli. Bu yerda talabalar va oʻquvchilar hamohang muhitda, ustoz-shogird, aka-uka boʻlib kamolga yetadi.

 

Prezident ushbu akademiyadagi sharoitlarni ham koʻzdan kechirdi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//