Ilhom Haydarov Oʻzbekistonning Turkiyadagi elchisi etib tayinlandi

Saqlash
12:40 / 17.06.2025 37 0

Oʻzbekistonning Turkiyaga yangi tayinlangan elchisi Ilhom Haydarov kecha, 16-iyun kuni Anqaraga yetib keldi, deb xabar bermoqda Dunyo axborot agentligi.

 

Oʻzbekistonning yangi tayinlangan elchisi Ilhom Haydarov Turkiya Tashqi ishlar vazirligi Protokol Bosh boshqarmasi boshligʻi, elchi Ahmet Jemil Mirogʻluga ishonch yorliqlari nusxalarini topshirgan.

 

Muloqot davomida joriy yil 21-22-iyun kuni Istanbulda boʻlib oʻtadigan Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari Kengashining 51-sessiyasida Oʻzbekiston delegatsiyasining ishtiroki ham muhokama qilingan.

 

Ahmet Jemil Mirogʻlu Oʻzbekistonning yangi tayinlangan elchisiga Turkiyadagi diplomatik faoliyatida muvaffaqiyatlar tiladi va Istanbuldagi Tashqi iqtisodiy aloqalar kengashi (DEIK) bilan toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni yoʻlga qoʻyishga yaqindan koʻmak koʻrsatishga tayyorligini bildirgan.

 

56 yoshli diplomat Ilhom Haydarov 2024-yil iyul oyidan buyon Oʻzbekiston tashqi ishlar vazirining oʻrinbosari lavozimida ishlab kelayotgan edi.

 

U Toshkent davlat universiteti (hozirgi Oʻzbekiston Milliy universiteti), Rossiya tashqi savdo akademiyasini, Memfisdagi (AQSH) Xalqaro paxta maktabini tamomlagan.

 

Oʻzbekiston Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi tizimida (hozirgi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi) va xorijiy vakolatxonalarda savdo-iqtisodiy maslahatchi, Ukrainadagi elchi lavozimlarida ishlagan. 2009-yildan 15-yil davomida “Oʻzbekengilsanoat” davlat aksiyadorlik kompaniyasiga (hozirgi “Toʻqimachilik va tikuv-trikotajsanoat” uyushmasi) rahbarlik qilgan. Shu bilan birga, 2021–2024-yillarda Oʻzbekiston Ish beruvchilar konfederatsiyasi raisi sifatida ishlagan.

 

Diplomat ingliz va fransuz tillarini mukammal biladi.

 

Ilhom Haydarov Oliy Majlis Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qoʻmitasi raisi etib saylangan Alisher Agzamxodjayev oʻrniga tayinlandi. Alisher Agzamxodjayev 2017-2025-yillarda Oʻzbekistonning Turkiyadagi, 2018-yildan eʼtiboran esa bir vaqtning oʻzida Bolgariyadagi elchisi boʻlib ishlagan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//