1-iyundan qonunchilikda nimalar oʻzgaradi?

Saqlash
16:21 / 29.05.2025 319 0

Ayrim oilalarning talaba qizlariga maxsus stipendiya to‘lanadi

“Qizil” toifaga kiritilgan oilalarning “a’lo” baholarga o‘qigan talaba qizlariga bazaviy stipendiyaning 2 baravari miqdoridagi maxsus stipendiya beriladi.

 

Avtomobillarni chegaradan o‘tkazishda elektron navbat tizimi yo‘lga qo‘yiladi

Davlat chegarasi orqali avtomobil o‘tkazish punktlarida avtotransport vositalarining elektron navbat tizimi joriy etiladi.

 

Harbiy xizmatchilarni ijtimoiy himoya qilish kuchaytiriladi

Qonunchilik hujjatlariga muvofiq tasdiqlanadigan ipoteka kreditlarini ajratish ko‘rsatkichlari asosida uy-joy bilan ta’minlanadigan, kalendar hisobida 10 yildan ortiq harbiy xizmatni o‘tagan harbiy xizmatchilarga turarjoy sotib olish (qurish) uchun ipoteka krediti olinishida ajratiladigan dastlabki badal miqdori uy-joy hisoblangan qiymatining 35 foizi miqdorida belgilanadi.

 

Radarlar yo‘l chizig‘ini bosgan avtomobillarga jarima yozmaydi

Joriy yil 1-iyundan boshlab yo‘l chiziqlarini bosib qoidabuzarlik sodir etish holatlarini maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalari orqali qayd etishga yo‘l qo‘yilmaydi. To‘xtash chizig‘i – “stop-liniya” (5.33 yo‘l belgisi) bundan mustasno.

 

Ya’ni, haydovchi chiziqni bosib olsa, bu qoidabuzarlik fotoradar yoki videokamera orqali qayd etilmaydi, demak, avtomatik ravishda jarima yozilmaydi. Lekin, YPX xodimi tomonidan aniqlanganda, qoidabuzarlik o‘rnatilgan tartibda rasmiylashtiriladi.

 

Yo‘llarni ta’mirlash ishlari faqat kechqurun amalga oshiriladi

Shaharlar avtomobil yo‘llarida ta’mirlash yoki yo‘l chiziqlarini chizish bilan bog‘liq ishlarni soat 07.00 dan 21.00 ga qadar amalga oshirishga (dam olish kunlari, shuningdek, kechiktirib bo‘lmaydigan alohida holatlar bundan mustasno) yo‘l qo‘yilmaydi.

 

Ta’mirlash va yo‘l chiziqlarini yangilash ishlari endi kunduzi emas, faqat kechasi — yo‘llardagi harakat kamaygan vaqtda amalga oshiriladi.

 

Haydovchilarga jarima ballarini hisoblash boshlanadi

Jarima ballari haydovchilar qoidabuzarlikni birinchi marta sodir etgan kundan boshlab, keyingi yil shu kunga qadar amalda hisoblanadi.

 

Jarima ballarini hisoblash davrida jami jarima ballari o‘n ikki ballga yetmasa, to‘plangan ballar keyingi jarima ballarini hisoblash davri uchun hisoblanishiga yo‘l qo‘yilmaydi va jarima ballarini hisoblash yangidan boshlanadi.

 

12 oy mobaynida yo‘l harakati qoidalarini buzmagan transport vositalari haydovchilariga rag‘batlantirish tariqasida, keyingi davrda yo‘l harakati qoidalarini birinchi marta buzganligi uchun birinchi jarima balli hisoblanmaydi.

 

Xorijiy oliy ta’lim tashkilotlarida ilmiy daraja olganlarga foizsiz qarz beriladi

Nufuzli xalqaro reyting tashkilotlarining yuqori 100 talik ro‘yxatiga kiritilgan xorijiy oliy ta’lim tashkilotlarida ilmiy daraja (PhD va unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy daraja) olgan 35 yoshgacha bo‘lgan mutaxassislarga uy-joy sotib olish uchun uy-joy joylashgan hududdan kelib chiqib, o‘n yil muddatga BHMning 2 150 baravarigacha miqdorda foizsiz ssuda ajratiladi.

 

Shuningdek, nufuzli xalqaro fan olimpiadalari g‘olib va sovrindorlariga to‘lanadigan bir martalik pul mukofotining amaldagi miqdorlari 5 baravarga oshiriladi.

 

Xorijiy davlatlar fuqarolari O‘zbekistonda yashash guvohnomasini soddalashtirilgan tartibda oladi

Xorijiy davlatlar fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga 250 ming AQSH dollari hamda ularning har bir oila a’zosiga (turmush o‘rtog‘i, farzandi va ota-onasi) 150 ming AQSH dollari miqdoridagi to‘lovlar evaziga O‘zbekistonda yashash guvohnomasi 5 yil muddatga soddalashtirilgan tartibda beriladi.

 

“Faol hayotga qadam” dasturi joriy etiladi

O‘zgalar parvarishiga muhtoj voyaga yetgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan “Faol hayotga qadam” dasturi ishga tushiriladi.

 

Dastur doirasida quyidagi 5 turdagi yangi ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatilishi yo‘lga qo‘yiladi:

🔹 uy sharoitida ijtimoiy-maishiy yordam ko‘rsatish xizmati;

🔹 uy sharoitida qarab turish xizmati;

🔹 tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya xizmati;

🔹 kunduzgi qatnov asosida qarab turish xizmati;

🔹 shaxsiy yordamchi xizmati.

 

Ushbu ijtimoiy xizmatlardan foydalanish xarajatlarining bir qismi vaucher asosida qoplab beriladi.

 

Ijtimoiy himoya yagona reyestridagi oilalar uchun belgilangan imtiyozlar Kambag‘al oilalar reyestridagi oilalarga ham tatbiq etiladi

2026-yil 1-yanvardan esa ushbu imtiyozlar  faqat Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalarga ko‘rsatiladi.

 

Bular:

▪️ davlat xizmatlaridan foydalanish uchun boj, yig‘im va boshqa to‘lovlarni to‘lashda “sariq” toifaga kiritilgan oilalarga 50 foiz, “qizil” toifaga kiritilgan oilalarga esa 75 foiz miqdorida chegirmalar qo‘llaniladi;

 

▪️ kambag‘al oilalar “qizil” yoki “sariq” toifadan “yashil” toifaga o‘tganda ular uchun qonunchilikda nazarda tutilgan davlat ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralari keyingi 12 oy muddatga saqlab qolinadi;

 

▪️ “qizil” toifaga kiritilgan oilalarga belgilangan passiv daromad keltiruvchi qo‘llab-quvvatlash choralari taqdim etiladi.

 

3 ta davlat fuqarolari uchun 30 kunlik vizasiz rejim amalda bo‘ladi

Bahrayn Qirolligi, Quvayt Davlati va O‘mon Sultonligi fuqarolari uchun O‘zbekiston hududiga kirgan kundan e’tiboran 30 kunlik muddatga vizasiz rejim belgilanadi

 

“Oila va jamoa bilan sayohatga chiqish kuni” amaliyotga tatbiq qilinadi

Iyun oyidan “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” dasturini amalga oshirish uchun har oy 2-haftasining shanba va yakshanba kunlari “Oila va jamoa bilan sayohatga chiqish kuni” etib belgilanadi.

 

Ayrim shifokorlarga qo‘shimcha ustamalar to‘lanadi

Respublikaning barcha davlat tibbiyot muassasalarida maxsus ko‘nikmalarni talab qiladigan davolash choralarini ko‘rgan hamda yuqori xavf darajasiga ega bo‘lgan amaliyotlarni samarali amalga oshirgan shifokorlarning oylik maoshlariga 25 foizdan 100 foizgacha ustama qo‘shiladi.

 

Shu bilan birga, “Tibbiyotda 90 kunlik o‘zgarishlar” dasturi doirasida aholi uchun qulay sharoitlar yo‘lga qo‘yiladi:

▪️ tibbiyot muassasalarida kutish zallari tashkil qilinib, o‘rindiqlar bilan ta’minlanadi;

 

▪️ aholi, bemorlar, nogironlar harakatlanishi uchun qulayliklar yaratiladi;

 

▪️ “Ona va bola” xonalari tashkil qilinadi, xonalar va yo‘laklar tejamkor zamonaviy yoritish qurilmalari bilan jihozlanadi.

 

Nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga qabul qilgan tadbirkorlarga subsidiya beriladi

I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga qabul qilgan tadbirkorlarga 50 mln so‘mgacha subsidiya ajratiladi.

 

Bunda:

🔹 subsidiya surdotarjimon, psixolog va hamrohlik xizmatini tashkil qilish xarajatlarini qoplash uchun ajratiladi;

 

🔹 jismoniy shaxslarga hamrohlik xizmatini o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ko‘rsatishga ruxsat beriladi

 

Kambag‘al oilalarga davlat xizmatlaridan foydalanish uchun chegirmalar beriladi

Qonunchilikka ko‘ra, davlat xizmatlaridan foydalanish uchun bojlar, yig‘imlar va boshqa to‘lovlarni to‘lashda “sariq” toifaga kiritilgan oilalarga 50 foiz, “qizil” toifaga kiritilgan oilalarga esa 75 foiz miqdorida chegirmalar qo‘llaniladi.

 

Ma’lumot uchun: 2025-yil 15-maydan Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan va ushbu reyestrga tushish xavfi bo‘lgan oilalarni “qizil”, “sariq” va “yashil” toifalarga taqsimlash va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralarini ularning toifasiga qarab ko‘rsatish belgilangan.

 

Ko‘p kvartirali uy-joylarda hisoblagichlar majburan o‘rnatiladi

ko‘p kvartirali uy-joylar va binolarning ichki issiqlik va issiq suv tarqatuvchi tizimlarining qurilishi, inshootlar va tarmoqlarda hisoblagichlarning to‘liq o‘rnatilishi majburiy hisoblanadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//