Oʻzbekiston tashabbusi bilan “Xalqaro zilzila qurbonlarini xotirlash kuni” taʼsis etildi

Saqlash
10:54 / 02.05.2025 99 0

Joriy yilning 29-aprelida BMTning Nyu-Yorkdagi bosh qarorgohida BMT Bosh Assambleyasi Oʻzbekiston tashabbusi bilan 29-aprelni “Xalqaro zilzila qurbonlarini xotirlash kuni” deb eʼlon qilish toʻgʻrisidagi rezolyutsiyani bir ovozdan qabul qildi.

 

Hujjatga 80 dan ortiq davlat hammualliflik qilgan.

 

Rezolyutsiya Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining zilzila qurbonlariga hurmat koʻrsatish va bu borada xalqaro hamkorlik zarurligini eslatish maqsadida xotira va birdamlik kunini taʼsis etish toʻgʻrisidagi tashabbusiga asoslangan.

 

Xabarda yozilishicha, “Xalqaro zilzila qurbonlarini xotirlash kuni” ilk bor 2026-yil 29-aprel kuni nishonlanadi. Bu sana 1966-yilda Toshkent shahrida sodir boʻlgan vayronkor zilzilaning 60-yilligi munosabati bilan belgilandi.

 

“Rezolyutsiya BMTga aʼzo davlatlar, BMT tizimidagi muassasalar va boshqa xalqaro tashkilotlarni Xalqaro kunni nishonlashga, xususan, aholining xabardorligini oshirish, favqulodda vaziyatlarga chidamlilik va tayyorgarlikni kuchaytirishga qaratilgan axborot-targʻibot tadbirlarini oʻtkazish orqali koʻmaklashishga chaqiradi”, deyiladi xabarda.

 

Hujjatning qabul qilinishi jahon hamjamiyati tomonidan yuqori baholangan. Dunyoning turli burchaklarida zilzilalar tez-tez sodir boʻlayotgan sharoitda ushbu tashabbusning dolzarbligi alohida taʼkidlangan.

 

Taʼkidlanishicha, ushbu rezolyutsiyaning maʼqullanishi Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi nufuzi ortib borayotganini, shuningdek, butun insoniyat manfaatlariga xizmat qiluvchi global yechimlarni ilgari surishdagi hissasini yana bir bor tasdiqlaydi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//