OʻzLiDeP ishlab chiqqan qonunga qolgan toʻrtta partiya qarshi chiqdi

Saqlash
09:40 / 30.04.2025 128 0

Kecha, 29-aprel kuni boʻlib oʻtgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yalpi majlisida OʻzLiDeP fraksiyasi deputatlari ishlab chiqqan — “Mehnat kodeksiga xususiy sektor uchun belgilangan ijtimoiy majburiyatlarni erkinlashtirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi birinchi oʻqishda konseptual jihatdan koʻrib chiqildi.

 

Xabarga koʻra, tashabbuskor taraf mehnat qonunchiligida xususiy sektor uchun ijtimoiy majburiyatlar koʻpligi, sohadagi huquqiy mexanizmlarni qayta koʻrib chiqish zaruriyatini yuzaga keltirayotganini taʼkidlagan.

 

Qonunchilik palatasi xabariga koʻra, amaldagi Mehnat kodeksida davlat va xususiy sektorda ish beruvchilar uchun bir xildagi ijtimoiy majburiyatlarning nazarda tutilishi xususiy sektor, ayniqsa, kichik tadbirkorlik subyektlarining moliyaviy barqarorligiga sezilarli darajada taʼsir koʻrsatmoqda. Bu esa xususiy sektorda xodimlarni ishga qabul qilish va ishdan boʻshatish jarayonlarining rasmiy qayd etilmasligiga olib kelmoqda.

 

Qonun loyihasi palata saytida toʻliq eʼlon qilinmagan.

 

Maʼlum boʻlishicha, loyihada Mehnat kodeksiga quyidagi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish nazarda tutilgan:

▪️ mehnat shartnomasini xodimning tashabbusi bilan bekor qilishda arizani chaqirib olish jarayonida ish beruvchining ishtirokini taʼminlash orqali tomonlarning masʼuliyatini oshirish;

 

▪️ mehnat shartnomasini ish beruvchi tashabbusiga koʻra bekor qilishda kasaba uyushmasi qoʻmitasi yoki mahalliy mehnat organi bilan kelishish jarayonlarini soddalashtirish orqali xabardor qilish tartibiga oʻtkazish;

 

▪️ xodimning uzoq muddat mehnatga qobiliyatsiz boʻlishi natijasida mehnat shartnomasini bekor qilish asoslarini takomillashtirish;

 

▪️ tadbirkorlik subyektlarida oʻrindoshlik asosida faoliyat yuritayotgan xodim bilan mehnat shartnomasi bekor qilinganda ogohlantirish muddati va kompensatsiya toʻlovlarini bekor qilish.

 

Kodeksga kiritilishi kutilgan mazkur oʻzgarishlar qizgʻin muhokama va bahslarga sabab boʻlgan va yakunda yetarli ovoz toʻplay olmagan.

 

Qonun loyihasini asosan tashabbuskor tomon – OʻzLiDeP deputatlari deyarli toʻliq qoʻllab-quvvatlagan – 57 ta tarafdor, 1 ta ovoz bermagan.

 

Qolgan 4 tala partiyaning birorta deputati loyihaning tarafini olmagan. 4 ta partiyadan jami 71 nafar deputat qarshi ovoz bergan. Milliy tiklanishdan 2 nafar deputat betaraf qolgan.

 

Birinchi oʻqishda yetarli ovoz ololmagan qonun loyihasi tashabbuskor partiyaga qaytarilgan.

 

“Milliy tiklanish” partiyasi oʻz Telegram sahifasida nima uchun qonun loyihasini rad etganiga izoh berdi:

 

“Qonun loyihasida asosan xodim emas, ish beruvchi – tadbirkorlar manfaatiga ustuvorlik berilgan. Yaʼni, tenglik buzilyapti. Fraksiya liberallarning tadbirkorlarni rivojlantirish gʻoyalariga qarshi emas, lekin har qanday rivojlanish qadriyatlar bilan boʻlishi kerak!”

 

Oldinroq senator Azamat Ziyo “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun muhokamasida normaning rus tilidagi matniga eʼtiroz bildirgan edi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//