“Bizda qonunlar davlat tilida qabul qilinadi” – Senator qonunning rus tilidagi matniga eʼtiroz bildirdi

Saqlash
18:15 / 29.04.2025 72 0

Bugun, 29-aprel kuni boʻlib oʻtgan Oliy Majlis Senatining oltinchi yalpi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonuni ham muhokama qilindi. Qonun yuzasidan Senatning byudjet va iqtisodiy masalalar qoʻmitasi raisi — Erkin Gadoyev maʼruza qildi. Mazkur jarayonda senator Azamat Ziyo qonun faqat davlat tilida yaʼni oʻzbek tilida qabul qilinishi kerakligi haqida ogohlantirish bilan chiqdi.

 

Xabarga koʻra, qabul qilinayotgan qonunning oʻzbek tilidagi va rus tilidagi versiyasiga ham oʻzgartirish va qoʻshimcha kiritish koʻzda tutilgan. Bunga senator Ziyo Azamat Xamid oʻgʻli eʼtiroz bildirgan. Uning taʼkidlashicha, tartibga koʻra, qonun faqat oʻzbek tilida qabul qilinishi kerak, keyinchalik boshqa tillarga tarjima qilinishi mumkin. Senator Erkin Gadoyev bunga qoʻshilmasligini aytib, buni qonun avval ikkita tilda qabul qilingani bilan izohladi.

 

Azamat Ziyo:

“Bizni “Davlat tili toʻgʻrisida”gi va “Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”gi qonunlarimizga koʻra, qabul qilinayotgan qonunlar oʻzbek tilida qabul qilinadi. Zarurat tugʻilganida boshqa tillarda tarjimasi berilishi mumkin. Lekin qonunni davlat tilida qabul qilamiz, boshqa tilda emas.

 

Hozir qabul qilinayotgan qonunning 2-moddani ikkinchi qismiga qarasangiz, 23-pozitsiyada ruscha matn: falon-falon deb yozyapti — ruscha matn ketyapti. Men buni toʻgʻri, deb bilmayman. Bu notoʻgʻri, qonunga zid. Qonunni ruscha qabul qilmaymiz”.

 

Erkin Gadoyev:

“Bu amaldagi qonun boʻlgani uchun faqatgina rus tilidagi matnga tegishli oʻzgartirish koʻzda tutilyapti”.

 

Azamat Ziyo:

“Yoʻq, biz boshqa tildagi qonunni umuman qabul qilmaymiz. “Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”gi qonunning 33-moddasiga koʻra, agar tarjimada davlat tilida yozilgan matn bilan tafovut boʻladigan boʻlsa, davlat tilidagisi toʻgʻri boʻladi, degan joyi bor. Boshqa tildagisiga hech qanday hojat yoʻq”.

 

Erkin Gadoyev:

“Toʻgʻri aytyapsiz, lekin bu amaldagi qonun. Siz aytgan narsa yangi qonunlar uchun, davlat tilida qabul qilinyapti, keyin boshqa tillarga tarjima qilinyapti”.

 

Azamat Ziyo:

“Biz ertaga uyalib qolamiz. Chunki “Davlat tili toʻgʻrisida”gi va men hozir aytib oʻtgan boshqa qonun bor. Shuni qabul qildikmi, boʻldi. Tarjimaga javob bermaymiz, oʻn xil tilga tarjima qilinishi mumkin. Davlat tilidagisi birdan-bir hisoblanadi. Men sizni tushunib turibman, savolni oʻylab berdim. Qonunni tayyorlaganlar ham aytishi mumkin, bu qonun oʻn yil avval qabul qilingan, deb. Lekin hozir qarorni biz qabul qilyapmiz, biz javob beramiz”.

 

Erkin Gadoyev:

“Birinchi koʻrib chiqqan “Banklarni sanatsiya qilish va tugatish toʻgʻrisida”gi qonun davlat tilida qabul qilingan. Yangi normalar kiritilganidan keyin, faqat davlat tilidan tarjima qilinadi. Hozir esa amaldagi qonunga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilyapti. Shuning uchun ham oʻzbek tilidagi, ham rus tilidagi matnlarga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilyapti. Amaldagi qonun boʻlgani uchun”.

 

Azamat Ziyo:

“Men sizga takror atayapman “Normativ-huquqiy hujjatlar” toʻgʻrisidagi qonunining 33-moddasida aytib qoʻyibdi: davlat tilida yozilgan matn bilan tafovut boʻladigan boʻlsa, davlat tilidagisi toʻgʻri boʻladi. Lekin siz hozir aytayotganingiz tarjima. Meni vazifam uyalib qolmaslik uchun aytib qoʻyish. Bu eʼlon qilinayotganida jamoatchilik tomonidan savol qoʻyilishi mumkin”.

 

Erkin Gadoyev:

“Rahmat, fikrlaringizni Qonunchilik Palatasiga ham yetkazamiz. Lekin hozirgi sharoitda siz aytayotgan narsaki, yangi qabul qilinayotgan qonunlar davlat tilida qabul qilinadi, keyin tarjima qilinadi. Bu amaldagi qonun boʻlgani uchun shu tartibda kiritilmoqda”.

 

Senat raisi Tanzila Norboyeva senator Erkin Gadoyevning fikri toʻgʻri ekanini aytib, muhokamaga yakun yasadi:

“Hozir aytilgan narsa, Azamat Xamidovich, ikkita tildagi matnga oʻzgartirish kiryapti. Qonun avval ikkita tilda qabul qilingan. Bu notoʻgʻri emas. Qonunlar hozir davlat tilida, avvallari rus tilida yozilar edi. Keyin oʻzbek tiliga tarjima qilinardi. Hozir unday emas, birdaniga oʻzbek tilida qonunlar yozilmoqda. Shuning uchun avval ikkita tilda boʻlgani uchun rus tilidagi matnga ham oʻzgartirish kiritilishi kerak”.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//