Ishsizlik nafaqasini kimlar olishga haqli?

Saqlash
15:37 / 08.04.2025 254 0

Ishsizlik nafaqasi ishsiz deb eʼtirof etilgan shaxsga u ish qidirayotgan shaxs sifatida mahalliy mehnat organida roʻyxatdan oʻtgan kundan eʼtiboran tayinlanadi.

 

Qaramogʻida uchtagacha kishi boʻlgan, oʻttiz besh yoshga toʻlmagan ishsiz erkakka ishsizlik nafaqasi u haq toʻlanadigan jamoat ishlarida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartibda ishtirok etgan taqdirda tayinlanadi.

 

Ishsiz shaxsning nafaqa olish huquqi u ish qidirayotgan shaxs sifatida roʻyxatdan oʻtgan paytdan boshlab kechi bilan oʻn birinchi kundan eʼtiboran kuchga kiradi.

 

Ishsizlik nafaqasi sabab va omilga qarab, koʻpi bilan:

▪️ ishdan va ish haqidan (mehnat daromadidan) mahrum boʻlgan yoki uzoq (bir yildan ortiq) tanaffusdan keyin mehnat faoliyatini qayta boshlashga harakat qilayotgan shaxsga oʻn ikki oylik davr mobaynida yigirma olti kalendar hafta mobaynida;

▪️ ilgari ishlamagan va birinchi marta ish qidirayotgan shaxsga esa oʻn uch kalendar hafta mobaynida toʻlanadi.

 

Talabgor ishsizlik nafaqasini olish davrida ish qidirishi va har ikki haftada kamida bir marta mahalliy mehnat organiga ishga yoki kasbga tayyorlashga, qayta tayyorlashga, malakasini oshirishga yoʻllanma olish uchun murojaat qilishi shart.

 

Ishsizlik nafaqasi ishsiz shaxs holatiga qarab, turli miqdorlarda toʻlanadi. Xususan, ishdan va ish haqidan soʻnggi 12 oy ichida mahrum boʻlganlar avvalgi ish joyidagi oʻrtacha oylik ish haqining 50 foizi miqdorida nafaqa olishi mumkin. Bunda nafaqa mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdoridan (1 million 155 ming soʻm) kam yoki Oʻzbekistondagi oʻrtacha ish haqidan ortiq boʻlmaydi.

 

Ishdan va ish haqidan mahrum boʻlgan hamda bir yildan ortiq tanaffusdan keyin mehnat faoliyatini qayta boshlashga harakat qilayotgan shaxslar mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining bir baravari miqdorida (1 million 155 ming soʻm) nafaqa oladi.

 

Ilgari ishlamagan va birinchi marta ish qidirayotgan shaxslarga esa mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining kamida 75 foizi miqdorida ishsizlik nafaqasi tayinlanadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//