Mirzo Ulug‘bekning hayot yo‘li va ilmiy faoliyati Pokistonning yetakchi nashrida e'tirof etildi

Saqlash
16:40 / 19.08.2021 2350 0

Pokistonda chop etiladigan yetakchi «The National Herald Tribune» gazetasida «Ulug‘bek — yulduzlar hukmdori, Samarqand farzandi» sarlavhali maqola e'lon qilindi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar bermoqda.

Maqolada temuriyzoda olim Ulug‘bek o‘zining astronomiya va matematikadagi noyob zehniyati va ixtirochilik muvaffaqiyatlari bilan jahonda dong taratgani bilan bog‘liq tarixiy maʼlumotlar qalamga olingan.

— Ulug‘bekning otasi Shohruh Amir Temurning to‘rtinchi o‘g‘li bo‘lgan, u 1407-yili Samarqandda nazoratni qayta tiklab, saltanatning katta qismi, jumladan, Eron va Turkiston ustidan hukmronlik qilgan. Ulug‘bek ilm-fan va sanʼatga mehr qo‘ygan edi. U musiqachi, shoir, faylasuf, hofiz va mohir ovchi ham bo‘lgani barobarida astronomiya va matematika bo‘yicha nodir iqtidor egasi edi. 1417-yili astronomiya ilmlarini ilgari surish maqsadida Ulug‘bek madrasa qurishni boshladi. U o‘z davrining oliy taʼlim markazi bo‘lgan. Samarqanddagi Registon maydonida joylashgan mazkur madrasaning qurilishi 1420-yili nihoyasiga yetgan. Ulug‘bek o‘z davrining eng ilg‘or olimlarini o‘qituvchi vazifalariga tayinlagan. U, shuningdek, Samarqand hududidan tashqarida taxminan 30 metr balandlikda joylashgan tepalikda o‘zining rasadxonasini ham yaratgan. Ushbu inshoot modern davrigacha bo‘lgan eng katta rasadxonalardan biri  bo‘lib, juda chiroyli, marmarlar bilan bezatilgan edi, — deb yozadi gazeta.

Maqolada Mirzo Ulug‘bek koinotshunoslikda foydalangan noyob asbob-uskunalar, quyosh, sayyora va yulduzlarni kuzatish borasida kashf etgan ixtirolar haqidagi atroflicha maʼlumotlar o‘z ifodasini topgani barobarida u XV asrning eng muhim astronomi bo‘lgani haqli ravishda eʼtirof etildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//