Qirgʻizistondagi bankomat va terminallar imkoniyati cheklanganlar uchun moslashtiriladi

Saqlash
15:24 / 26.03.2025 191 0

Qirgʻizistondagi tijorat banklari oʻzlarining mobil ilova, bankomat va toʻlov terminallariga imkoniyati cheklanganlarga barcha bank xizmatlaridan foydalish imkonini beradigan funksiyalar joriy qilishi kerak boʻladi. Bu haqda 24 KG nashri maʼlum qilgan.

 

Qirgʻiziston Milliy banki oʻz tashabbusi bilan tijorat banklarini bankomatlar, toʻlov terminallari va mobil ilovalarida imkoniyati cheklangan fuqarolar uchun qulayliklar yaratishga majburlovchi loyihani ishga tushirdi.

 

Ushbu tashabbus 2023-2030-yillarga moʻljallangan, imkoniyati cheklangan shaxslar uchun xizmatlarga teng huquqli kirishni taʼminlash boʻyicha davlat dasturi doirasida amalga oshirilmoqda.

 

Loyihaga koʻra, banklar oʻzlarining raqamli va jismoniy xizmat koʻrsatish kanallarini kam harakatlana oladigan foydalanuvchilar ehtiyojlarini hisobga olgan holda takomillashtirishi kerak boʻladi.

 

Shuningdek, 2025-yil 1-iyungacha oʻrnatilgan barcha bankomat va terminallar yangilanishi lozim. Banklarga mazkur oʻzgarishlarni amalga oshirish uchun hujjat kuchga kirganidan soʻng besh yil vaqt beriladi.

 

Tashabbusdan asosiy maqsad — mamlakat moliyaviy infratuzilmasini barcha aholi qatlamlari uchun inklyuziv va ochiq qilishdir.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//