JSST 45 yoshgacha boʻlganlarni yosh deb hisoblamoqchi

Saqlash
11:32 / 25.03.2025 259 0

Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti zamonaviy hayot tarzini inobatga olgan holda yosh toifalarini qayta koʻrib chiqdi. Endilikda 45 yoshgacha boʻlganlar yosh hisoblanadi. Bu haqda Demografiya instituti direktori Ella Libanova “Tajriba iqtisodiyoti” konferensiyasida maʼlum qildi.

 

“Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tomonidan taklif qilingan yosh standartlari nazar tashlasangiz, 45 yoshgacha boʻlganlar odatda yosh ekanini koʻramiz”, deydi u.

 

JSST tasdiqlagan yosh toifalari endilikda quyidagicha boʻladi:

▪️ 0-45 yosh — yosh (oldin 18-35 yosh edi);

▪️ 46-60 yosh — oʻrta yosh (avval 36-59 yosh edi);

▪️ 61-75 yosh — keksa yosh (avval 60-74 yosh edi);

▪️ 76-90 yosh — qarilik davri (avval 75-89 yosh edi);

▪️ 90 va undan yuqori — uzoq umr koʻruvchilar (avval 90 yoshdan yuqori edi).

 

Libanovaning qoʻshimcha qilishicha, aholining qarishi tabiiy jarayon boʻlib, uni toʻxtatib boʻlmaydi.

 

“Keksa odamlarning salmogʻi har oʻn yilda ortib boradi. Lekin biz bu tarkibiy oʻzgarishlardan jamiyat manfaatlari yoʻlida foydalanishimiz kerak”, deydi Demografiya instituti direktori.

 

U yosh chegaralarini qayta koʻrib chiqish ijtimoiy siyosatga, xususan, pensiya islohotiga, mehnat bozori va sogʻliqni saqlashga jiddiy taʼsir koʻrsatishi mumkinligini aytar ekan, zamonaviy jamiyat oʻrtacha umr koʻrishni koʻpaytirishga moslashishi, bundan rivojlanish manbai sifatida foydalanishi kerakligini taʼkidlaydi.

 

“Bu tarzda faol uzoq umr koʻrish insoniyat sivilizatsiyasi uchun yangi imkoniyatlar ochadi”, deya soʻzlarini yakunlaydi Ella Libanova.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//