Oʻzbekiston va Fransiya oʻrtasida uran qazib olish boʻyicha yangi bitim imzolandi

Saqlash
15:04 / 13.03.2025 73 0

 

“Navoiyuran” davlat korxonasi va Fransiyaning Orano kompaniyasi oʻrtasida uran konini oʻzlashtirish hamda uran sanoatini rivojlantirish sohasida hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim imzolandi. Bu haqda “Gazeta.uz” nashri xabar berdi.

 

Hujjat 12-mart kuni prezident Shavkat Mirziyoyevning Parijga davlat tashrifi doirasida boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston-Fransiya biznes-forumi doirasida imzolandi.

 

Kelishuvni “Navoiyuran” bosh direktori Jamol Fayzullayev va Orano kompaniyasining togʻ-kon ishlari boʻyicha katta vitse-prezidenti Ksave Sen-Marten Tiye imzoladi. Bitim birgalikda uran qidirish va qazib olishni nazarda tutadi, shuningdek, ekologik meʻyorlar va xavfsizlik standartlariga rioya qilish, ish oʻrinlarini yaratish hamda mahalliy jamoalarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha majburiyatlarni oʻz ichiga oladi.

 

Orano maʻlumotlariga koʻra, kelishuv Nurlikum Mining oʻzbek-fransuz qoʻshma korxonasi tomonidan ishlab chiqilayotgan Janubiy Jengeldi uran konini sanoat miqyosida oʻzlashtirish uchun asos yaratadi. Janubiy Jengeldi loyihasi uning operatori boʻladigan mavjud “Navoiyuran” ishlab chiqarish bazasiga integratsiya qilinadi.

 

Ushbu kon sertifikatlangan zaxiralar asosida kamida 10-yil davomida uran qazib olishni taʻminlay oladi, ishlab chiqarishning eng yuqori darajasi yiliga 700 metrik tonna uranni tashkil etadi.

 

Loyiha 2022-yilda Orano tomonidan Oʻzbekiston hukumati bilan imzolangan strategik kelishuv doirasida “Navoiyuran” bilan tuzilgan keng koʻlamli hamkorlik dasturining bir qismidir.

 

“Ushbu loyiha guruh uchun uran qazib olish manbalarini diversifikatsiya qilishga yordam beradi. Yangi bosqich Oʻzbekistonda soʻnggi besh yilda amalga oshirilgan ishlar tufayli yuzaga keldi. Orano loyihani yanada rivojlantirish uchun oʻzining geologik va texnik vakolatlaridan foydalanishga va shu tariqa kompaniya faoliyatini kengaytirishni qoʻllab-quvvatlashga intiladi”, – dedi Orano katta vitse-prezidenti Ksave Sen-Marten Tiye.

 

Eslatib oʻtamiz, 2019-yil dekabr oyidan boshlab Oʻzbekistonda Navoiy viloyatida Fransiya atom sanoati yetakchisi Orano (51 foiz) va Davlat geologiya qoʻmitasi (49 foiz) tomonidan tashkil etilgan Nurlikum Mining uran qidiruv va qazib olish qoʻshma korxonasi faoliyat yuritmoqda. Korxonaning resurs bazasiga “qumtosh” turidagi uchta istiqbolli uran maydonlari – Shimoliy va Janubiy Jengeldi va Yangiquduq kiradi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//