
Jamiyat
Saharlik paytida qanday taomlanish tavsiya etiladi? Tibbiyot fanlari doktori, professor Nizom Ermatov roʻzadorlarga saharlikni avvalo bir stakan yoki yarim stakan iliq suv ichish bilan boshlashni maslahat beradi.
Sogʻliqni saqlash vazirligi mutaxassisining taʼkidlashicha, bu jarayonda sut mahsulotlaridan iborat oziq-ovqatlarni isteʼmol qilgan maʼqul. Jumladan, yengil, yogʻlilik darajasi past boʻlgan qaymoq yoki shirguruch, shu bilan birgalikda, soʻli boʻtqasi, arpa boʻtqasi, perlovka, grechka kabilar. Bularni mosh, loviya, noʻxatli mahsulotlar, goʻsht bilan birgalikda isteʼmol qilish tavsiya etiladi.
“Iloji boricha goʻsht mahsulotlarini kamaytirish kerak. Isteʼmol qilayotgan mahsulotlarimizda tuzga juda ham katta eʼtibor berishimiz kerak”, deydi mutaxassis.
Uning qoʻshimcha qilishicha, saharlikda isteʼmol qilingan mahsulot tarkibidagi tuz keyinchalik kun davomida roʻzadorni chanqatadi va ish faoliyatiga salbiy taʼsir koʻrsatadi.
“Saharlik paytida quritilgan meva, yongʻoq yoki isteʼmolga yaroqli danakli mahsulotlarni isteʼmol qiladigan boʻlsak, bu albatta organizmga kerakli boʻlgan vitamin va minerallar zaxirasiga ijobiy taʼsirini koʻrsatadi” deydi Ermatov.
Mutaxassis qandolat mahsulotlariga ehtiyotkor yondashish kerakligini aytadi. Bundan tashqari, saharlik vaqtida ichiladigan choyning achchiqlik darajasiga ham eʼtibor qaratish zarur. Choyning oʻrniga qaynatilgan suv yoki shakar qoʻshilmagan tabiiy meva sharbatlarini ichish ancha foydali hisoblanadi.
“Koʻpchilik (saharlikda) osh isteʼmol qiladi. Lekin isteʼmol qilinayotgan oshning tarkibidagi yogʻga, ziravorlarga eʼtibor berishimiz kerak. Mana shu ziravorlarni ham kamaytirgan yaxshi. Bunda osh yumshoqroq boʻlishi lozim”, deydi SSV xodimi.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Madaniyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q