
Madaniyat
Italiyalik mashhur olim, Leonardo da Vinchi merosi boʻyicha taniqli mutaxassis, dizayner, raqamli sanʼat ustasi Mario Teddi Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi.
U markazning ulugʻvorligidan hayratda qolganini taʼkidladi:
“Italiyadagi uchrashuvimiz chogʻida Islom sivilizatsiyasi markazi direktori meni Oʻzbekistonga taklif qildi. Men Markaz haqida tasavvurga ega edim, lekin uni oʻz koʻzim bilan koʻrib, ulugʻvorligi va goʻzalligidan hayratga tushdim. Ayniqsa, meʼmoriy uslub, interyer dizayni, noyob ravoqlar va badiiy bezaklar uni islom sivilizatsiyasi tarixidagi eng buyuk madaniy loyihalardan biriga aylantiradi. Ishonchim komilki, Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev boshchiligidagi ushbu loyiha jahon miqyosidagi oʻxshashi yoʻq megaloyihaga aylanadi”, deydi italiyalik olim.
Mutaxassis Leonardo da Vinchi sharq olimlarining ilmiy merosidan ilhomlanganini maʼlum qilar ekan, bunga asosli dalillarni keltiradi:
“Bunga ishonmasligingiz mumkin, ammo Leonardoning eng buyuk ixtirolaridan baʼzilari Beruniy, Xorazmiy, Fargʻoniy kabi buyuk oʻzbek olimlarining asarlariga asoslangan. Maqsadimiz – islom ilm-fanining Yevropa rivojlanishiga qanday taʼsir koʻrsatganini dunyoga namoyish etish va bu kashfiyotlarni Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga taqdim etish. Misol uchun, Beruniyning kitoblarida keyinchalik Leonardo da Vinchi tomonidan amalga oshirilgan koʻplab gʻoyalarni topish mumkin. Koʻrinib turibdiki, da Vinchi qadimgi matematika va geometriyani oʻrgangan va bu bejiz emas! Zero, zamonaviy matematika asoslari aynan sizlarning zaminingizda dunyoga kelgan. Bu xalqingizning tarixiy faxri va biz bu kashfiyotlarni zamonaviy texnologiyalar yordamida jonlantirish niyatidamiz”, deydi u.
Uning qoʻshimcha qilishicha, Mikelanjelo ham oʻzbek olimlarining ilmiy merosidan ruhlangan.
Maʼlumot uchun, Mario Teddi multimedia va muzey taʼlimi boʻyicha yetakchi mutaxassis boʻlib, Milandagi Leonardo da Vinchi fan va texnologiya muzeylari loyihalari bilan tanilgan. Bundan tashqari, dasturlash, 3D grafikalar, videooʻyinlar, virtual reallik va multimedia ilovalari yaratish boʻyicha bir qator ishlarni amalga oshirgan. U Leonardo da Vinchi merosi, qadimiy texnologiyalar va ularning zamonaviylikka taʼsiri boʻyicha taniqli tadqiqotchi hisoblanadi.
Xabarda yozilishicha, Mario Teddi uchrashuvda Oʻzbekistonda yetuk oʻzbek olimlari kashfiyotlaridan ilhomlangan Leonardo da Vinchiga bagʻishlangan koʻrgazma tashkil etishni rejalashtirilgani haqida eslatib oʻtgan.
Tomonlarning kelishuviga koʻra, kelgusida Islom sivilizatsiyasi markazida Beruniy, Xorazmiy va boshqa buyuk allomalarning asarlari Uygʻonish davriga qanday taʼsir koʻrsatganini namoyish etish maqsadida “Oʻzbekiston buyuk allomalari va Mikelanjelo” ekspozitsiyasi ham tashkil etiladi.
Shuningdek, uchrashuvda Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasini multimedia texnologiyalari yordamida boyitish hamda tashrif buyuruvchilarga islom ilm-fani va sanʼati muhitiga chuqurroq kirib borish imkonini beradigan raqamli muzey ekspozitsiyalarini yaratish masalalari muhokama qilingan.
Madaniyat
Madaniyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Siyosat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q