Taraqqiyparvar jadid Obidjon Mahmudov tavalludiga bag‘ishlangan anjuman o‘tkazildi

Saqlash
12:30 / 15.05.2026 18 0

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyida jadidchilik harakati namoyondalaridan biri Obidjon Mahmudov tavalludining 155 yilligiga bag‘ishlangan “Obidjon Mahmudov – saxiy tadbirkor, taraqqiyparvar jadid va publisist” mavzusida respublika ilmiy-amaliy anjumani o‘tkazildi.

 

 

Mazkur anjuman milliy uyg‘onish davri ziyolilarining boy ma’naviy merosini o‘rganish, jadidchilik harakatining tarixiy ahamiyatini keng yoritish hamda Obidjon Mahmudovning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va ma’rifiy faoliyatini ilmiy jihatdan tadqiq etish maqsadida tashkil etildi.

 

Tadbirda yurtimizdagi oliy ta’lim muassasalari, ilmiy tadqiqot institutlari, muzeylar va arxiv muassasalari olimlari, tarixchilar, faylasuflar, adabiyotshunoslar, jurnalistlar, yosh tadqiqotchilar hamda Obidjon Mahmudovning avlodlari, talabalar  ishtirok etdi.

 

Anjumanda Obidjon Mahmudovning hayot yo‘li va merosi Farg‘ona vodiysida jadidchilik harakati, jadidlarning madaniy-ma’rifiy va ijtimoiy-siyosiy faoliyati, Turkiston milliy matbuoti, “Turkiston Muxtoriyati” va milliy davlatchilik g‘oyalari kabi yo‘nalishlar doirasida muhokama qilindi.

 

 

Ma’ruzachilar birinchi o‘zbek tog‘-kon muhandislaridan biri O.Mahmudovning o‘z sarmoyasi va imkoniyatlarini millat ma’rifati, ilm-fan va milliy uyg‘onish yo‘liga bag‘ishlagani, Qo‘qonda yangi usuldagi maktab tashkil etib, jadid ta’limi rivojiga qo‘shgan hissasi xususida batafsil to‘xtalib o‘tdilar. Shuningdek, uning tashabbusi bilan Farg‘ona vodiysidagi birinchi milliy matbuot nashrlaridan biri – “Sadoyi Farg‘ona” gazetasi tashkil etilgani, “Tirik so‘z” gazetasi faoliyati, barcha tazyiqlarga qaramasdan, ma’naviy e’tiqodi va millat taqdiriga bo‘lgan sadoqati so‘nmagani xususida fikr yuritdilar.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//