Italiya toʻplamlaridagi Oʻzbekiston madaniy merosi durdonalari Toshkentda namoyish etiladi

Saqlash
17:07 / 27.02.2025 316 0

 

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ochilishi munosabati bilan Italiya muzeylari vakillari va kolleksionerlari Oʻzbekiston tarixiga oid noyob eksponatlarni poytaxtga olib keladi. Bu haqda Islom sivilizatsiyasi markazi xabar berdi.

 

Ushbu loyiha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mamlakatning madaniy merosini qayta tiklash va ommalashtirish tashabbusi ortidan amalga oshirilmoqda. 2024-yilning fevral oyi oʻrtalarida Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov boshchiligidagi delegatsiya Italiyada boʻlib, bir qator muzeylari vakillari va kolleksionerlari bilan muzokaralar oʻtkazgandi.

 

 

Italiya muzeylari vakillari va kolleksionerlari Oʻzbekiston madaniy merosini ommalashtirish gʻoyasini qoʻllab-quvvatlab, Islom sivilizatsiyasi markazi ochilishi munosabati bilan xalqaro koʻrgazma oʻtkazish tashabbusiga ijobiy munosabat bildirdi.

 

Toshkentda namoyish etiladigan eksponatlar orasida epigrafik yozuvlarga ega mashhur Afrosiyob kulolchilik buyumlari, xususiy kolleksiyalardan Xuroson va Movarounnahrning noyob oʻrta asr metall buyumlari, shu jumladan, Qoraxoniy hukmdorlarining afsonaviy kosasi, shuningdek, XIX-XX asr boshlaridagi oʻzbek toʻqimachiligining ajoyib asarlari oʻrin olgan.

 

Islom sivilizatsiyasi markazidagi koʻrgazma oʻtmish va kelajakni birlashtiruvchi noyob madaniy makon boʻlishi kutilmoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//