Maktablardagi bepul tushlik davomatni 8 foizga oshiradi – tadqiqot

Saqlash
10:36 / 24.02.2025 77 0

Foto: Gazeta

 

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) ekspertlari tomonidan oilalarning ijtimoiy-iqtisodiy holati mazkur oila farzandlarining akademik natijalariga qanday taʼsir qilishi oʻrganildi.

 

Tadqiqotda Oʻzbekistonda PISA-2022 soʻrovi orqali olingan natijalardan foydalanilgan boʻlib, soʻrov orqali respublikaning turli hududlari boʻyicha 15 yoshli oʻquvchilar(jami 202 ta maktabdan 7293 nafar oʻquvchi)ning javoblari jamlangan.

 

Bunda uy-xoʻjaliklari oilaning ijtimoiy-iqtisodiy kelib chiqishiga qarab oʻsish tartibida guruhlangan.

 

Aniqlanishicha, yuqori oʻnlikda joylashgan oilalarning farzandlari quyi oʻnlikdagi oilalarning farzandlariga nisbatan matematika fanidan 43,7 ball, oʻqish fanidan 39,8 ball va tabiiy fanlardan 36,7 ball yuqori natija koʻrsatgan. Yaʼni ijtimoiy-iqtisodiy holati yaxshi boʻlgan oilalarning farzandlari yuqorida keltirilgan fanlardan yaxshi baho olgan.

 

Repest moduli asosida qilingan tadqiqot natijalaridan maʼlum boʻlishicha, ijtimoiy-iqtisodiy holat indeksining 1 birlikka ijobiylashishi bola koʻrsatkichini matematika fanidan 9,5 ballga, oʻqish fanidan 9,2 ballga va tabiiy fanlardan 7,9 ballga yaxshilaydi.

 

Kutilganidek, ijtimoiy-iqtisodiy kelib chiqishi boʻyicha quyi oʻnlikdagi (ijtimoiy-iqtisodiy past boʻlgan) oilalarning farzandlari uy vazifalarini bajarmaydigan oʻquvchilarning 6,7 foizini tashkil qilgan. Yuqori oʻnlikdagi oilalar farzandlarining bu jarayondagi ulushi esa – 3,3 foiz.

 

Tadqiqot xulosasida yozilishicha, Oʻzbekistonda oʻquv haftasi davomida haq evaziga mehnat qiladigan 15 yoshli oʻquvchilar orasida ijtimoiy-iqtisodiy holati past boʻlgan oilalarning bolalari koʻproq uchraydi. Yaʼni har 3 nafardan 1 nafari oʻqish payti ishlaydi. Ijtimoiy-iqtisodiy kelib chiqishi yuqori oʻnlikda boʻlgan oilalarda esa bu sal pastroq – har 4 nafardan 1 nafari.

 

Tahlil natijalariga koʻra, oʻquvchilarning uy vazifalarini bajarmasligi PISA test sinovi natijalarini oʻrtacha 16 ballga, haq evaziga mehnat qilish esa 37 ballga kamaytiradi.

 

Tadqiqotda oʻquvchilarning darsdan oldin nonushta qilishi ham tahlil qilingan.

 

Maʼlum boʻlishicha, oʻquvchilarning darsdan oldin nonushta qilmasligi PISA test sinovi natijalarini oʻrtacha 20 ballga salbiylashtiradi. Nonushta qilmaslik koʻproq kambagʻal oilalarning farzandlariga taʼsir qiladi va ular nonushta qilmaydigan yuqori daromadli oilalarning farzandlariga nisbatan 34 ball kamroq oladi.

 

Oʻquv haftasi davomida darsdan avval nonushta qilmaydigan oʻquvchilar ijtimoiy-iqtisodiy kelib chiqishiga koʻra quyi oʻnlikda joylashgan oilalar farzandlarining 13,6 foizini, yuqori oʻnlikda joylashgan oilalar farzandlarining esa 9,5 foizini tashkil qiladi.

 

MHTI ekspertlari davlat taʼlim qonunchiligida maqsadli koʻrsatkichlarni xalqaro test sinovlari natijalari orqali aniq hamda bir vaqtning oʻzida guruhlar kesimida (yuqori-quyi daromadli oila farzandlari, shahar-qishloq va hokazo) belgilashni, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar yashaydigan hududlardagi maktablarda sinov tariqasida bepul tushlik hamda nonushta berish tizimini joriy etishni taklif qilmoqda.

 

Maʼlumot uchun, Oʻzbekistonda maktablardagi bepul tushlik davomatni 8 foizga oshirishi tadqiqot davomida isbotlangan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//