O‘zbekistonga keltirilgan muqaddas Kaʼba yopinchigʻining bir parchasi qayerga joylashtiriladi?

Saqlash
15:37 / 21.02.2025 165 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti 19-fevral kuni Saudiya Arabistoni Podshohligi haj va umra ishlari vaziri boshchiligidagi delegatsiyani qabul qilganidan xabaringiz bor. Mazkur ushrashuvda Tavfiq bin Favzon ar-Rabia Shavkat Mirziyoyevga muqaddas Kaʼba yopinchigʻi – kisvaning bir parchasini topshirgan edi

 

Xabarga koʻra, endi ushbu kisvaning bir parchasi Islom sivilizatsiyasi markaziga joylashtiriladi. Parchaning ostida esa Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon bin Abdulaziz bin Abdurrahmon Ol Saudning koʻp millatli Oʻzbekiston xalqiga sovgʻasi degan maʼnodagi izoh boʻladi.

 

Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov muqaddas Kaʼba yopinchigʻining parchasi markazdagi eng qadrli eksponatlardan biri boʻlib qolishini taʼkidladi.

 

 

Saudiya haj va umra ishlari vaziri Islom sivilizatsiyasi markaziga ham tashrif buyurgan va u yerda amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishgan.

 

“Taassurotlarim ajoyib! Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi chin maʼnoda oʻxshashi yoʻq loyiha. Bino va uning mahobati tahsinga sazovor. Uni yanada rivojlantirish uchun oz boʻlsa-da, koʻmagimiz tegsa, mamnun boʻlamiz. Islom sivilizatsiyasi markazi aynan shunday koʻrinishda boʻlishini tasavvur qilar edim. Uni oʻz koʻzim bilan koʻrgach, qoyil qoldim. Ulkan ish qilingani va buning ortida katta mehnat yotgani koʻrinib turibdi, – deya fikrini bayon qilgan Tavfiq bin Favzon ar-Rabia.

 

Xabarda yozilishicha, tashrif davomida boʻlib oʻtgan muzokaralarda Podshohlikning Haj va umra vazirligi hamda markaz oʻrtasida Oʻzbekistonda Haj va umraning tarixi, buguniga bagʻishlangan hujjatli film yaratishga kelishib olingan.

 

Unda Islom dini diyorimizga yoyilishining ilk davridan boshlab yaqin oʻtmishgacha oʻzbekistonlik musulmonlarning Haj va Umra ziyoratini amalga oshirishida duch kelingan toʻsiqlar, qiyinchiliklar va Yangi Oʻzbekistonda bu boradagi keng imkoniyatlar koʻrsatib beriladi.

 

Bundan tashqari, filmda oʻzbekistonlik ziyoratchilar uchun yaratilayotgan qulay sharoitlar, Oʻzbekiston va Saudiya Arabistoni oʻrtasidagi doʻstona munosabatlar ham aks ettiriladi.

 

Uchrashuv soʻngida Oʻzbekiston Prezidenti tashabbusi bilan Markaz tomonidan nashr etilgan Katta Langar Qurʼonining faksimilesi va xattot Habibullo Solih koʻchirgan Paygʻambarimiz Muhammad alayhissalomning maktublaridan birining nusxasi mehmonlarga hadya qilingan.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//