Jinoyatchilikni orzu qilgan oʻspirin videosini tarqatgan shaxs javobgarlikka tortildi

Saqlash
10:13 / 17.02.2025 298 0

15 yoshli bolaning jinoyatchilikni orzu qilib gapirgan gaplari aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. Holat yuzasidan Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi munosabat bildirdi.

 

Taʼkidlanishicha, hozirda jinoyatchi boʻlishni orzu qilib yurgan ushbu oʻspirin shahar IIBB voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam koʻrsatish markaziga joylashtirilgan.

 

Masʼul xodimlar bolaning onasi bilan bogʻlanganda, u farzandini olib ketishga imkoni yoʻqligini bildirgan.

 

Xabarga koʻra, u 2024-yilda ham mazkur markazga olib kelingan. Oʻsha davrdayoq uning nazoratsiz Toshkent shahrining har xil koʻchalarida, turli tumanlarda yurgani aniqlangan.

 

Nimani targʻib qilib, nima haqida gapirayotganini fahmlamagan oʻspirinni videoga olib, ijtimoiy tarmoqlarga tarqatgan shaxsga ham chora koʻrildi.

 

Yunusobod tumani IIO faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasining tezkor xodimlari tomonidan ushbu videoni ijtimoiy tarmoqlarga joylagan fuqaroning shaxsiga oydinlik kiritildi.

 

Xabarda aytilishicha, u videoga tushib berishi uchun bolaga 500 ming soʻm miqdorida pul vaʼda qilgan.

 

“Xotira maydonida sayr qilib yurgan paytimda bir bola kelib, ”popkorn“ sotishini aytdi. Keyin ”Videoga tushib berasanmi?“ desam, ”Tushib beraman“, dedi. Oʻzimning Instagram tarmogʻimga, odamlar sonini koʻpaytirish maqsadida joyladim videoni. Iltimos, kechiringlar meni. Qilgan ishimdan afsusdaman men. Bunaqa videolarni olmaslikni tavsiya beraman. Bunaqa yoʻllarda yurmanglar. Bu yoʻl notoʻgʻri”, deya uzr soʻradi u.

 

Aniqlanishicha, bola 2 oydan beri ota-onasining qarovisiz qolgan hamda maktab taʼlimini olmay, koʻchada sotuvchilik bilan shugʻullanib kelgan. 

 

Yakunda holatni videoga olib, ijtimoiy tarmoqlarga joylagan fuqaroga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 188 -1-moddasi (voyaga yetmagan shaxsni maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etishga jalb qilish) bilan BHMning 15 barobari miqdorida jarima belgilangan.

 

Shuningdek, Toshkent shahar IIBB ushbu huquqbuzarlik uchun bolaning ota-onasiga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 47-moddasi(voyaga yetmagan bolalarni tarbiyalash va ularga taʼlim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik, shu jumladan, voyaga yetmagan bolalarning maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etishiga olib kelish)ga muvofiq BHMning 25 baravarigacha miqdorida jarima solinishi yoki 15 sutkagacha maʼmur qamoq jazosi tayinlanishi mumkinligini eslatib oʻtgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//