Surxondaryoda oʻrta paleolit davriga oid yangi yodgorlik aniqlandi

Saqlash
15:35 / 30.12.2021 1257 0

Oʻzbekistonning janubida oʻrta paleolit davriga oid yangi yodgorlik aniqlandi. Bu haqida Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi maʼlum qildi.

 

Qayd etilishicha, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Milliy arxeologiya markazi xodimlari t.f.d., professor R.Suleymanov boshchiligida Surxondaryo viloyati, Sherobod tumanida arxeologik dala tadqiqotlari olib borilgan. Tadqiqotlar natijasida Koʻhitangtogʻ tizmasi hududidan paleolit davriga oid yodgorlik aniqlangan.

 

Koʻhitang togʻining ichki qismida koʻplab tor daralar boʻlib, ularda geologik jarayonlar natijasida koʻplab gʻor va ungurlar shakllangan. Ularning biridan qadimgi davrda ibtidoiy odam ajdodlari mavsumiy boshpana sifatida foydalangan. Qazuv ishlari natijasida yodgorlik bitta madaniy qatlamdan iborat ekanligi aniqlandi. Madaniy qatlam kul va kuyindi qoldiqlari bilan qoplangan qoramtir, mayda tarqoq tuproqdan tarkib topgan boʻlib, unda ham koʻplab tosh buyumlar va yovvoyi hayvon suyak qoldiqlari topildi.

 

«Ushbu yodgorlik hududda ilgari topib oʻrganilgan Teshik-tosh yodgorligiga xronologik va madaniy jihatdan oʻxshashligi bilan ahamiyatlidir. Yodgorlikdan topilgan tosh buyumlar oʻrta paleolit davriga tegishli boʻlib, toshga ishlov berish texnikasi va tosh buyumlar madaniy jihatdan aynan Teshik-tosh yodgorligi anʼanalarini takrorlaydi.

 

Hozirda Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Milliy arxeologiya markazi xodimlari mazkur yodgorlikda tadqiqot ishlarini davom ettirishni rejalashtirmoqda», deyiladi xabarda.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//