Madaniyat
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi hamda Oʻzbekiston ijodkorlarini qoʻllab-quvvatlash “Ilhom” jamoat fondi hamkorligida oʻtkazilgan “Yilning eng yaxshi asari” respublika tanlovi gʻoliblari aniqlandi.
Shu munosabat bilan Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida tanlov gʻoliblarini taqdirlash marosimi oʻtkazildi. Tanlovga 100 dan ortiq ijodkorlarning 2021-yilda nashriyotlar va bosma ommaviy axborot vositalarida nashr etilgan yangi asarlari kelib tushgan boʻlib, hakamlar hayʼati tomonidan ijodkorlar gʻolib deb topildi:
– Abdulla Qodiriy nomidagi “Eng yaxshi nasriy asar” mukofoti bilan Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Isajon Sulton “Alisher Navoiy” romani uchun;
– Hamid Olimjon nomidagi “Eng yaxshi sheʼriy asar” mukofoti bilan taniqli shoir Abdulla Sher “Tanlangan asarlar” sheʼrlar kitobi uchun;
– Abdulhamid Choʻlpon nomidagi “Eng yaxshi tarjima asari” mukofoti bilan Qoraqalpogʻiston xalq shoiri Rustam Musurmon rus, qoraqalpoq, qirgʻiz tillaridan tarjima qilgan sheʼriy kitoblari, doston va qissalari uchun;
– Mahmudxoʻja Behbudiy nomidagi “Eng yaxshi dramatik asar” mukofoti bilan taniqli dramaturg Sharof Boshbekov dramalar va kino qissalardan iborat “Tanlangan asarlar” kitobi uchun;
– Abdurauf Fitrat nomidagi “Eng yaxshi adabiy tanqidiy va publitsistik toʻplam” mukofoti bilan adabiyotshunos olim Nurboy Jabborov Alisher Navoiy ijodi, faoliyati haqidagi «Maoniy ahlining sohibqironi» toʻplami uchun taqdirlandi.
Gʻoliblarga bazaviy hisoblash miqdorining 100 barobarida pul mukofoti berildi.
Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, yozuvchi Xurshid Doʻstmuhammad toʻrt kitobdan iborat nasriy asarlari uchun bosh mukofotga loyiq koʻrildi. Gʻolibga bazaviy hisoblash miqdorining 200 barobarida pul mukofoti berildi.
2021-yilda faol ijod qilib, yangi asarlari bilan keng adabiy jamoatchilik eʼtirofiga sazovor boʻlgani uchun taqdirlangan ijodkorlar:
– Sogʻinboy Ibrohimov “Barno daftari” sheʼrlar toʻplami, “Berdaqning «Shajara” dostoni va “Qoraqalpoqlar tarixi” risolasi uchun;
– Shukur Qurbon “Xaloskorlik yoki Amir Temur imoni” dostoni uchun;
– Bahodir Qobul “Ota chiroq” nasriy asarlar kitobi uchun;
– Shamsiddin Sadoiy “Bir kun senga yetarman” sheʼriy toʻplami uchun;
– Javlon Jovliyev “Qoʻrqma” romani uchun;
– Nodirabegim Ibrohimova (oyina.uz muxbiri) Herbert Uellsning “Dunyolar jangi” romani va jahon adabiyoti namunalaridan qilgan tarjimalari uchun ragʻbatlantiruvchi mukofot bilan taqdirlandi.
Ularga bazaviy hisoblash miqdorining 20 barobarida pul mukofoti berildi.
Siyosat
Jahon
Ilm-fan
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q