Kuchli tuman sababli Oʻzbekistondagi ikkita aeroport faoliyati cheklandi

Saqlash
23:27 / 29.12.2021 796 0

29-dekabr kuni ertalab Namangan va Andijon aeroportlarida koʻrish imkoniyati yomonligi sababli samolyotlar uchish va qoʻnishni amalga oshira olmadi. Bu haqda Uzbekistan Airports kompaniyasi matbuot xizmati xabar berdi.

 

Kuchli tuman tufayli — koʻrish masofasi 50 metr atrofida boʻlgan — “Ural” aviakompaniyasining Qozondan parvoz qilayotgan SVR2161 reysi soat 08:48 da Namanganga qoʻna olmagan va Toshkentdagi zaxira aerodromiga yoʻnaltirilgan.

 

Yana bir HY9620 reysi ham ob-havo sharoiti noqulayligi tufayli Namanganga qoʻnishni amalga oshira olmagan va Fargʻonadagi zaxira aerodromga yuborilgan.

 

Andijon aeroportida ham xuddi shunday holat kuzatilgan. Uzbekistan Airways aviakompaniyasining Moskvadan HY-622/621 qatnovini amalga oshirgan havo kemasi ham soat 10:45 da belgilangan aeroportga qoʻna olmasdan, Fargʻonadagi zaxira aerodromiga uchgan.

 

Meteorologiya xizmati prognoziga koʻra, ushbu aeroportlar ob-havo sharoiti tufayli, taxminan, soat 14:00 gacha yopiq boʻladi. Rejalashtirilgan barcha reyslar eng yaqin zaxira aerodromlarga yoʻnaltiriladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//