Jamiyat
Televizor bolani ovuntirish uchun eng yaxshi yordamchi hisoblanadi. Ayniqsa, farzandini tinchlantirish va uning bir joyda oʻtirishini xohlagan onalar buni juda yaxshi biladi. Bola esa oynayi jahonda qoʻyilgan multfilmga sehrlanib qoladi, tamom-vassalom.
Ammo bolani joyidan siljitmay ushlab oʻtiruvchi bunday multi-kantentlar nimani targʻib qilishidan xabaringiz bormi? Ular farzandingizga nima bera olishini hech oʻylab koʻrganmisiz?
Aslida tarbiya uchun oʻrnak qidirayotgan bola nimani tomosha qilayotganiga, nimadan namuna olayotganiga jiddiy eʼtibor qaratish lozim.
Mutaxassislar bolalar uchun ishlab chiqarilayotgan multfilmlarni ham saralashni tavsiya etmoqda. Sababi ularda targʻib qilinayotgan narsalar ong ostiga tushib qolishi, bu esa keyinchalik bolaning xarakterida shakllanishi mumkin.
Bundan bir necha yil oldin psixologlar, nevrologlar va masʼuliyatli ota-onalarning oʻzlari bolalarning ruhiy salomatligi uchun xavfli deb tan olgan ayrim multfilmlar roʻyxatini tuzib chiqdi. Quyida ular izohi bilan keltiriladi.
Masha va ayiq (Маша и медведь)
Unda Quvnoq va shaddod qiz Masha nafaqadagi sirk ayigʻi bilan turli sarguzashtlarni boshidan oʻtkazadi. Ha, bu kartina oʻzbek bolalarining ham eng sevimli multfilmi sanaladi. Biroq uni tomosha qilgan kichkintoylar qizaloqning xudbin, beodobligini oʻziga singdirishi mumkin. Aksiga olib, Masha multserialning bosh qahramoni va u har bir qismda bor.
Mutaxassislarning fikricha, multfilm bolaga “barcha odob-axloq qoidalarini buz, xohlagan ishingizni qil va seni kechirishadi” mazmunida turtki beradi. Shuningdek, u itoat etmaslikni va yomon ishlarni qilishga targʻib qiladi.
Bu multfilmni ota-onalar yoki yoshi kattalar bilan birga koʻrish tavsiya etiladi. Shunda ham Mashaning qilgan ishlari yomon oqibatlarga olib kelishi mumkinligi kattalar tomonidan izohlab turilishi kerak.
Vinks klubi — Sehrgarlar maktabi
Bu multserialda 6 nafar oʻquvchi qiz tasvirlanadi. Ular sehrgar boʻladi va yovuz kuchlarga qarshi kurashadi.
Kartinaning xavfli tomoni obrazlaring noodatiy koʻrinishidadir. Qahramonlar katta koʻzlar, ingichka, uzun oyoqlar, keng dumba, ingichka bel va ochiq kiyimlar bilan jonlantiriladi. Albatta, bu shunchaki animatsiya, biroq yosh bola buni reallik deb biladi. Masalan, yosh qizlar multfilmdagi obrazni oʻzining qahramoni deb bilishi, uning hayotda uchramaydigan koʻrinishini oʻzi uchun “goʻzallik” deb qabul qilishi mumkin.
Mutaxassislarning aytishicha, serialda ayol uchun kerakli boʻlgan sharm-hayo, iffat ochiqchasiga masxara qilingan. Shuningdek, ayollar dunyosini yaratish ideologiya sifatida targʻib qilingan. Bu esa bolaning “ayol” va “erkak” tushunchasiga jiddiy zarar yetkazish ehtimoli bor.
Bundan tashqari, uning “Men mehnatsiz va tashvishsiz yorqin hayotni xohlayman” mazmunidagi gʻoyasi bolani reallikdan uzoqlashtirib tarbiyalashi mumkin.
Maxluqchalar maktabi
Multfilm vampirlar, zombilar, mutantlar va boshqa yosh maxluqchalar taʼlim oladigan maktab haqida hikoya qiladi.
Boshida ssenariyning bunday yozilgani koʻpgina mutaxassislarning maqtoviga sazovor boʻldi. Chunki unda afsonalar va ertakdagi qahramonlar bir joyda jamlanishi aytilgan edi. Ammo yakunda uning gʻoyasi oʻzgacha boʻlib chiqdi. Koʻzni qamashtiruvchi animatsiya, ahmoqona hazillar va aytib boʻlmaydigan soʻzlar bolaning psixologiyasi uchun tahdid solishi maʼlum boʻldi. Qahramonlar oʻqishni yomon koʻrishi, kattalarni hurmat qilmasligi, oilaviy qadriyatlar, doʻstlik, goʻzallik kabi tushunchalarning buzib koʻrsatilgani esa bolaga hech qanday maʼnaviy ozuqa bermasligi oydinlashdi.
Multfilmda salbiy xarakterdagi obrazlar asosiy qahramonlar sifatida koʻrsatilgan.
Tahlilchilarning soʻzlariga koʻra, agar barcha belgilar bir xil darajada xunuk va dahshatli boʻlsa, bolada kim yomon, kim yaxshi, kim toʻgʻri va kim notoʻgʻri ish qilishini aniqlash tushuncha zararlanadi. Bu ham yetmaganidek, uni koʻrgan kichkintoy keyinchalik qoʻrqinchli qahramoniga taqlid qilishni boshlaganda, uning ichki dunyosida buzilish roʻy beradi.
SpongeBob – Kvadrat shim
Bu kulgili multserial koʻpchilikka tanish. Unda shimgich (gubka) restoranda oshpaz boʻlib ishlaydi. Bosh qahramon haddan tashqari sodda va noziktaʼb koʻrinishda tavsiflanadi.
Multfilmning qoʻrqinchli tomoni u “Nima uchun katta boʻlish kerak?” mazmunidagi soʻroq bilan “goʻdaklar avlodi”(bolalarcha fikrlaydiganlar)ni yaratishga targʻib qiladi.
Barboskinlar (zamonaviy dunyoda yashovchi quvnoq itlar oilasi)
Multfilmda beshta kuchukcha tanishib, oʻz muammolarini mustaqil ravishda hal qiladi.
Xavfli tomoni unda nosogʻlom oila modeli koʻrsatilgan. Unda ota-onalar kimdir xato qilganda yoki tanbeh berish kerak boʻlgan kadrda paydo boʻladi.
Bolalar esa doʻstlardek yashamaydi, aksincha ular bir-birini kalaka qiladi.
Multfilm targʻib qiladigan gʻoya birodarlik tushunchasiga zid.
Tom va Jerri
Hammaga maʼlum va mashhur multfilmning targʻib qiladigan gʻoyasi tajovuzkorlik ekan. Jumladan, epizodlarda muntazam ravishda zoʻravonlik, shafqatsizlik sahnalari koʻrsatiladi va yomon odatlar namoyish etiladi.
Bunda na mushuk, na sichqon zoʻravonlik uchun javobgarlikka tortilmaydi. Misol uchun kartina “Leopold mushuk” multfilmidan tubdan farq qiladi. Chunki bunda yomon axloqli sichqonlar oʻzlari qoʻygan qopqonga oʻzlari tushdi va jazolanadi. Tom va Jerrida esa bunday xususiyat yoʻq.
Transformerlar
Unda uzoq davom etgan robotlar urushi haqida hikoya qilinadi.
Multfilmni koʻrgan bolada “robotlar insonlardan kuchli” degan fikr shakllanishi mumkinligi taxmin qilinadi. Bola bunday tushuncha bilan oʻz salohiyatiga past baho beradi va qahramonlarni yengilmas deb tasavvur qila boshlaydi. Kichkintoy tajovuzkor sahnalarni koʻrib, unga sehrlanib qoladi. Natijada tinchlik va mehribonchilikni targʻib qiladigan multfilmlar zerikarli boʻlib tuyiladi.
Yuqorida bolakay psixologiyasiga salbiy taʼsir oʻtkazadigan multfilmlarning baʼzilari sanab oʻtildi. Aslida ularning soni sanalganidan koʻp.
Xoʻsh, endi yechim qanday? Bunday multfilmlarni koʻrishni cheklash kerakmi? Yoʻq, multfilmlar bolalikning ajralmas bir boʻlagi. Shuning uchun bolaning hayotidan ularni olib tashlash yoki taqiqlash mumkin emas. Ustiga-ustak, namoyishkorona taqiq yanada qiziqish uygʻotadi.
Eng toʻgʻri yoʻl bola bilan birga multfilmlarni koʻrish va ularni tahlil qilib berishdir. Agar mazkur usul toʻgʻri yoʻlga qoʻyilsa, har qanday kartina salbiy oqibatga olib kelmaydi.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q