Xitoyliklar yaratgan sunʼiy intellekt Amerika kompaniyalarini kasod qilishi mumkin

Saqlash
14:30 / 28.01.2025 211 0

Xitoyliklar “DeepSeek“ deb nomlangan sunʼiy intellekt modeli yaratilganini ommaga maʼlum qildi. Bu yangilik esa Amerikaning shu sohada rivojlanishni maqsad qilgan kompaniyalarini vahimaga solib qoʻydi.

 

Albatta, ularning vahimaga tushishi asossiz emas. Masalan, AQSh tadqiqot kompaniyasi boʻlmish “OpenAI” yillar davomida milliardlab dollar sarflab yaratgan LLM(Large Language Model)ni Xitoy kompaniyasi sanoqli oylar ichida, bor-yoʻgʻi 6 mln dollar bilan yarata oldi.

 

Ushbu modelning qudrati benchmarklarda “OpenAI”ning eng soʻnggi “o1” modeli bilan deyarli teng, hatto baʼzi yoʻnalishlarda ustun keladi. Bu ham yetmaganidek, model “Open source” sifatida taqdim etilgan, yaʼni omma va boshqa kompaniyalar undan bepul foydalanishi mumkin.

 

Mazkur yangilik AQSh fond bozorini ostin-ustun qilib yubordi. Buning taʼsirida:

▪️ Nvidia kompaniyasi bir kunda 465 mlrd dollar yoʻqotdi (bu AQSh fond bozori tarixidagi eng katta kunlik yoʻqotish);

▪️ Microsoft 130 mlrd dollar zarar koʻrdi;

▪️ Google kompaniyasi 80 mlrd dollaridan ayrildi;

▪️ Tesla, Meta va Amazon aksiyalari keskin pasaydi;

▪️ Yevropa texnologiya aksiyalari 4,5 foizga tushib ketdi.

 

Endilikda koʻpchilikning boshida bitta savol aylanmoqda — xitoyliklar bunaqa modelni 5-6 mln dollar bilan yarata olsa, biz milliardlab dollar sarflashimiz qanchalik oʻzini oqlaydi? (Chunki Tramp sunʼiy intellekt uchun 500 mlrd dollar mablagʻ ajratgan edi).

 

Xabarda yozilishicha, bir vaqtlar Xitoy sunʼiy intellekt sohasida AQShga yetib olmasin deb, Vashington “NVIDIA”ning eng kuchli chiplarini Xitoyga eksport qilishni taqiqlagan edi. Ammo bu ham ish bermagani endi yaqqol ayon boʻlmoqda. Xitoyliklar bunday taqiqlardan nafaqat “omon” chiqa oldi, balki bugun sunʼiy intellekt sohasidagi kashfiyotlarda Amerikadan hatto oʻzib ketishi ham mumkin.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//