Ilm-fan
Olimlar tomonidan oʻtkazilgan qiziqarli tadqiqot internetda yaxshigina shov-shuvlarga sabab boʻldi.
Gap shundaki, tadqiqotchilar insonlar va chumolilarning jamoaviy ishlash darajasini tekshirish uchun qiziqarli tajriba qilib koʻrdi.
Bundan koʻzlangan maqsad odamlar va chumolilarning muammoni guruh boʻlib hal qilishga qanday yondashishlarini solishtirish edi.
Tadqiqotda ikkala tur ham bir xil labirintda ogʻir narsani olib oʻtishi kerak edi. Ammo ularning harakat sababi bir-biridan farq qilgan, yaʼni odamlar T shaklidagi yukni toʻsiqlar ichidan olib oʻtishni oʻyin, chumolilar esa T shaklidagi obyektni inga olib borilishi zarur boʻlgan oziq deb tushungan.
Albatta, bu yerda adolat boʻlishi uchun mutaxassislar hamma narsani hisobga olgan. Masalan, odamlarga bu paytda ogʻzaki muloqot, imo-ishora qilish taqiqlangan. Ular niqob va koʻzoynak taqishgan. Chunki bu yerda individual faoliyat cheklangan boʻlishi kerak edi.
Harakatlanish guruhi 3 ta boʻlakni oʻz ichiga olgan: bitta boshqaruvchi, kichik guruh va katta guruh.
Tadqiqot yakunida maʼlum boʻlishicha, chumolilar jamoaviy harakatlanishda odamlardan ustun turadi. Toʻgʻri, yakka tartibda boʻlsa, inson chumolidan aqlliroq, chunki uning rejalashtirish va aql bilan ish yuritish qobiliyati chumolining instinkt va tajribaga tayanadigan usulidan ancha samarali. Biroq bu narsa jamoaviylikda ahamiyat kasb etmaydi. Guruh boʻlib ishlanganda ustunlik insondan chumoliga oʻtadi.
Tahlillarga koʻra, chumolilar yukni koʻtarish vaqtida qiyinchiliksiz muvofiqlashgan. Takroriy xatolarga yoʻl qoʻymagan va birgalikda obyektni toʻgʻri yoʻnalishga olib borgan. Chumolilar harakatlanish davomida foydali strategiyalardan foydalangan. Bu jamoaviy kuch deyiladi.
Odamlar esa tadqiqot bahonasida chumolilar bilan kurashib koʻrdi. Ammo aloqa qilish cheklanganligi sababli ularning ishlashi sezilarli darajada pasayib ketdi. Ular dastlab samarali boʻlib tuyulgan, ammo uzoq muddat natija bermagan qisqa muddatli qarorlar qabul qildi. Guruh garchi toʻsiqdan oʻtib olgan boʻlsa-da, yakunda chumolilardan koʻp harakat qilingani maʼlum boʻldi.
Xoʻsh, inson kabi ogʻzaki muloqot qilish imkoniyati boʻlmagan chumolilar qanday qilib tajribada odamlardan ustun keldi? Aniqlanishicha, chumolilarning muvaffaqiyati ularda noyob ijtimoiy tuzilish borligidadir. Yaʼni, chumolilar koloniyasi yagona birlik sifatida ishlay oladi. Har bir aʼzo umumiy maqsad sari fidokorona mehnat qiladi. Bunday instinktiv hamkorlik esa chumolilarga hatto murakkab vaziyatlarda ham tez, yagona qarorlar qabul qilish imkonini beradi.
Odamlarda esa, aksincha, guruh boʻlib ishlashda raqobat birinchi oʻringa chiqadi. Koʻpchilik jamoa boʻlib ishlashda oʻzining shaxsiy fikrini ustun qoʻyadi, oqibatda fikrlar birikmaydi. Xuddi tajribada boʻlgani kabi boshqa paytda ham odamlarning jamoaviy faoliyati mojarolar yoki samarasiz qaror qabul qilish bilan kechadi.
Ha, inson oʻzi uchun manfaatli qarorlarni qabul qilishga moyil. Bu esa, afsuski, jamoaviy ishda samara bermaydi.
Tajribadan shunday xulosa qilindiki, odam bolasi individual muammolarni hal qilishda zoʻr boʻlsa-da, qarama-qarshi maqsadlar va muvofiqlashtirishning etishmasligi ularning samarali hamkorlik qilish qobiliyatiga toʻsqinlik qiladi.
Chumolilarda boʻlsa birlik va umumiy maqsadning kuchi mavjud. Shu tufayli ular jamoa boʻlib aqlbovar qilmas vazifalarni uddalay oladi.
Siyosat
Ilm-fan
Madaniyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q