Sunʼiy intellekt insoniyatni ahmoq qilmoqda

Saqlash
13:18 / 20.01.2025 180 0

Sunʼiy idrokka haddan tashqari ishonish oqibatida inson fikrlashi susaymoqda. Olimlar bu xulosaga kelishdan oldin 17 va undan katta yoshdagilar ishtirokida tadqiqot oʻtkazdi. Ishtirokchilar 666 nafar boʻlib, dastlabki bosqichda ularning sunʼiy intellekt (AI) vositalaridan qay darajada foydalanishi baholandi. Shundan soʻng esa respondentlarning tanqidiy fikrlash qobiliyatlari sinovdan oʻtkazildi.

 

Natijaga koʻra, sunʼiy intellektdan tez-tez foydalanadigan 17-25 yoshdagi ishtirokchilar tanqidiy fikrlash testlarida pastroq, AI'dan foydalanmaydigan 46 yoshdan oshganlar esa yuqoriroq ball toʻplagan.

 

Maʼlum boʻlishicha, sunʼiy intellekt boshqa qobiliyatlarga qaraganda fikrlashni koʻproq zararlaydi. Ayniqsa, bilim darajasini. Gap bu yerda “kognitiv yuklama” haqida ketmoqda. Yaʼni, kishi bilim olishiga yordam beradigan masalalarni sunʼiy idrok yordamida yechadi. Oqibatda esa uning mustaqil fikrlash va muammolarni hal qilish qobiliyati pasayib ketadi.

 

Tadqiqot mualliflari “garchi AI samaradorlik va qulaylikni oshirsa-da, vaqt oʻtishi bilan foydalanuvchining tanqidiy fikrlashda unga qaram boʻlib qolishi” haqida gapiradi.

 

Biroq bu yerda kishining ilmiy darajasi ham asosiy oʻrin tutadi. Masalan, yaxshi bilimga ega boʻlgan odam AI'dan foydalangan taqdirda ham fikrlashi susayib qolmaydi. Chunki u sunʼiy idrok taqdim etgan yechimga ham tanqidiy koʻz bilan qaraydi va ishonib ketavermaydi. Shunchaki uning javobini tahlil uchun qabul qiladi.

 

Tadqiqotda qatnashgan aksariyat ishtirokchilar sunʼiy intellektga boʻlgan qaramligidan xavotirda ekanligini ham aytishgan.

 

“Barcha maʼlumotlarning mavjudligi juda yaxshi, lekin men hech narsani oʻrganmayapman ham, eslolmayapman ham. Ammo men sunʼiy intellektga shunchalik ishonamanki, usiz hech qanday muammoni hal qila olmayman”, deydi 25 yoshli ishtirokchilardan biri.

 

Albatta bu ogohlantiruvchi qoʻngʻiroq boʻlishi kerak. Shuning uchun ham endilikda tadqiqotchilar oʻquvchilarda tanqidiy fikrlashni rivojlantirish uchun faol strategiya ishlab chiqish kerak degan xulosaga kelmoqda. Aynan yaratilgan yangi strategi yordamida sunʼiy intellektdan foydalanishda muvozanat qila olish mumkin.

 

Bunda esa oʻqituvchilar oʻquvchilarga AI'dan kerakli vaqtda foydalanish koʻnikmalarini shakllantirishda yordam berishi zarur.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//