Qoʻngʻiroqlar qabul qilinganida kartadagi pullar yechib olinadimi? Markaziy bank tushuntirish berdi

Saqlash
23:27 / 11.01.2025 31 0

Soʻnggi vaqtlarda begona raqamlardan qoʻngʻiroqlar boʻlayotgani, uni koʻtargan zahoti raqamga ulangan kartadagi barcha pullar firibgarlar tomonidan avtomatik tarzda oʻzlashtirilayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Markaziy bank bu holatni rad etib, vaziyat boʻyicha tushuntirish berdi.

 

Unga koʻra, qoʻngʻiroqlarga javob berish kartadagi pullarning avtomatik oʻgʻirlanishiga sabab boʻlmaydi. Biroq begona shaxslarga aytilgan sms-kod va shaxsiy maʼlumotlarni aytish – moliyaviy firibgarlik qurboniga aylantiradi.

 

Markaziy bank taʼkidlashicha, tijorat banklari va toʻlov tashkilotlar oʻzining mobil ilovalarida firibgarlik holatlarining oldini olishga qaratilgan xavfsizlik choralarini koʻrgan.

 

Fuqaro bank yoki toʻlov tashkiloti mobil ilovasidan foydalanish uchun roʻyxatdan oʻtishda telefon raqamini koʻrsatib, SMS-xabar shaklida kelgan kod bilan tasdiqlaydi. Bundan tashqari, oʻz shaxsini tasdiqlash uchun qoʻshimcha biometrik identifikatsiyadan ham oʻtishi lozim. Roʻyxatdan muvaffaqiyatli oʻtgan fuqaro mobil ilovada oʻziga tegishli bank kartasini biriktirish imkoniga ega boʻladi.

 

Mobil ilovaga bank kartasini biriktirishi uchun bank kartasiga ulangan telefon raqamiga bir martalik tasdiqlash kodi (OTR) yuboriladi. Ushbu OTP kod fuqaro tomonidan mobil ilovaga toʻgʻri kiritilganidan keyingina uning bank kartasi ilovaga biriktiriladi.

 

Bunda mobil ilovada roʻyxatdan oʻtgan telefon raqami va bank kartasiga SMS-xabarnoma orqali ulangan telefon raqam bir xil boʻlishi lozim. Aks holda bank kartasini ilovaga biriktirish rad etiladi.

 

Shuningdek, bank va toʻlov tashkilotlari mobil ilovalarida yangi roʻyxatdan oʻtgan foydalanuvchi unga biriktirilgan bank kartalaridan 1 soatgacha foydalana olmaydi.

 

Biroq fuqaro oʻzining mobil ilovadagi akkauntini boshqarish huquqini beruvchi login va parol hamda telefon raqamiga kelgan bir martalik OTP kodni begona shaxslarga (firibgarlarga) berib qoʻysa yoki messenjerlar orqali tarqalayotgan zararli APK fayllarni mobil qurilmaga oʻrnatsa, uning bank kartasidan noqonuniy ravishda pul yechib olinishi mumkin!

 

Regulyator aholi va tadbirkorlik subyektlarini ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan tasdiqlanmagan maʼlumotlarga ishonmaslikka chaqirib, faqat rasmiy manbalarga tayanishni tavsiya etadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//