Qorin bilan uxlash bosh ogʻrigʻiga sabab boʻladi

Saqlash
17:26 / 10.01.2025 51 0

Agar ertalab uyqudan boshingiz ogʻrib uygʻonsangiz, bu sizning qanday uxlaganingizga bogʻliq boʻlishi mumkin.

 

Gap shundaki, inson uyqu vaqtida qorin bilan yotib qolsa, uning nafasi siqiladi. Shu vaqtda tanada uyqu apnoesi sodir boʻladi. Yaʼni, qonda karbonat angidrid gazining miqdori ortib ketadi va nafas vaqtincha toʻxtab qoladi. Oqibatda, kishi uyqudan dam olganday bo‘lib uygʻonmaydi.

 

Mutaxassisning fikricha, qorin bilan uxlash kislorod bilan taʼminlanishni cheklaydi. Bu esa bosh ogʻrigʻini keltirib chiqarishi mumkin.

 

Uyqu apnoesi sabab boʻladigan bosh ogʻrigʻi odatda uygʻongandan keyin paydo boʻladi va bir necha soat ichida oʻtib ketadi.

 

Koʻpchilik bunday uxlashni oʻzi uchun qulay deb oʻylaydi. Aslida esa eng yomoni mana shu tarzda uxlashdir. Masalan, kishi mazkur holatda yotishi uchun boshini bir tomonga burishi kerak boʻladi. Bu burilish esa umurtqa pogʻonasining tekis turgan tuzilmasini buzadi. Natijada boʻyin muskullari zoʻriqadi hamda nervlar siqilib qoladi.

 

Vaqt oʻtishi bilan bu zoʻriqish bosh va yelka, hatto qoʻllar ogʻrishiga duchor qiladi.

 

Bundan tashqari, uxlaydigan joy ham bosh ogʻrigʻi uchun yetarli asos boʻlishi mumkin. Yaʼni, agar juda issiq yoki juda sovuq xonada uxlash uyqu jarayonini buzib, mushaklarning kuchlanishi va bezovtalanishiga olib keladi. Namligi past muhit esa burun yoʻllarini quritadi va boshda ogʻriq uygʻotadi.

 

Shuningdek, juda kam va koʻp uyqu ham bosh ogʻrigʻiga olib kelishi mumkin. Muntazam uyqu jadvali tananing meʼyorida hordiq chiqarishini tartibga soladi. Bezovtalik bilan uygʻonish esa salbiy taʼsir qiladi.

 

Mutaxassis uyqu holatini oʻzgartirishni tavsiya qiladi. Agar qorin bilan uxlashdan voz kechishning imkoni boʻlmasa, unda pastroq (yupqaroq) yostiq bilan uxlagan maʼqul.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//