2025-yilda “yashil oila” maqomi joriy etiladi va har yili lotereya orqali ularga 14 ta elektromobil beriladi

Saqlash
12:10 / 09.01.2025 174 0

Oʻzbekistonda “Ekofaol fuqaro” hayot tarzini keng targʻib qilishga qaratilgan “Bir million yashil oila” umummilliy harakati yoʻlga qoʻyilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda 2025-yil uchun davlat dasturi loyihasida koʻzda tutilgan.

 

Loyihaga koʻra, 2025-yilda aholining salomatligini yaxshilash, ekologik turmush tarzini shakllantirish va inson salohiyatini roʻyobga chiqarish uchun shart-sharoitlarni yaratish borasida aholining kundalik hayotiga ekologik tamoyillarni singdirish maqsad qilingan.

 

Bunda uning asosiy tamoyillari etib quyidagilar belgilanadi:

 

aholi orasida kunlik yurish va yugurishni targʻib qilish;

 

“yashil transportda”, shu jumladan, velosipedda harakatlanishni ragʻbatlantirish;

 

plastik mahsulotlardan foydalanishni kamaytirish;

 

oziq-ovqat isrofgarchiligining oldini olish;

 

suv, gaz va elektr energiyasi resurslaridan oqilona foydalanish;

 

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi va Raqamli texnologiyalar vazirligi 2025-yil 1-iyunga qadar “Bir million yashil oila” umummilliy harakati doirasida quyidagilarni nazarda tutuvchi platformani ishga tushiradi:

 

bir sutka davomida kamida 10 ming qadam yurishni targʻib qilish;

 

yuqori koʻrsatkichlarga erishganlarga “Ekofaol fuqaro” maqomini berish hamda ular uchun davlat xizmatlaridan foydalanishda 10 foiz chegirma va davlat ulushi 50 foizdan yuqori boʻlgan banklarda isteʻmol kreditini olishda chegirma taqdim etish;

 

oilaning barcha voyaga yetgan aʻzolari “Ekofaol fuqaro” maqomini olganda, ushbu oilaga “yashil oila” maqomini berish hamda ularga har yili lotereya orqali 14 ta elektromobil berish;

 

aholisining yarmi “yashil oila” maqomini olgan mahallalarda “Eng toza mahalla” va “Eng yashil mahalla” tanlovlarini oʻtkazish va gʻolib boʻlgan mahallalar jamgʻarmasiga bolalar maydonchasini qurish, yashil bogʻ yaratish hamda chiqindi yigʻish maydonchalarini qurish va chiqindi konteynerlarini oʻrnatishga 500 million soʻm ajratish.

 

Mazkur bandning soʻzsiz, sifatli va oʻz vaqtida ijrosini taʻminlashga masʻullar etib ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri Aziz Abduhakimov, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari belgilanadi.
 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//