Oʻzbekistonlik 10 yoshli qiz Koreyada oʻtkazilgan notiqlik tanlovida gʻalaba qozondi

Saqlash
15:55 / 06.01.2025 205 0

Oʻzbekistonlik 10 yoshli Zinnura Karimova Seulda boʻlib oʻtgan 12-Milliy ikki tildagi notiqlik musobaqasida oliy mukofotni qoʻlga kiritdi.

 

Tayyorgarlik jarayonida Zinnura har kuni bir necha soat oʻzbek va koreys tillarida nutq mashqlari bilan shugʻullangan.

 

Bundan tashqari, u bunday muvaffaqiyatga erishishdan oldin bir qator sinovlardan oʻtib kelgan. Jumladan, u, dastlab, “Volgok” maktabida oʻtkazilgan ichki bosqichda oltin medal bilan taqdirlangan. Kvangju shahar taʼlim departamenti tomonidan tashkil etilgan hududiy bosqichda esa kumush medaliga loyiq koʻrilgan. Mazkur yutuqlar unga respublika bosqichda ishtirok etish imkonini bergan.

 

Musobaqada 52 nafar turli madaniyatlarga mansub oʻquvchilar qatnashgan boʻlib, ular 16 tilda oʻz hikoyalarini taqdim etgan.

 

Maʼlumot uchun, Zinnura hozirda Kvangju shahridagi “Volgok” boshlangʻich maktabi 4-sinf oʻquvchisi hisoblanadi.

 

Taʼkidlanishicha, uning opasi Laziza Karimova ham 2023-yilda boʻlib oʻtgan ushbu tanlovda muvaffaqiyatli ishtirok etib, ikkinchi oʻrinni egallagan edi. Laziza oʻz nutqida xalqaro menejment va tarjimonlik sohalarida rivojlanish niyatini bildirgan va dunyo miqyosida kommunikatsiyaning muhimligini taʼkidlagan. Uning nutqi nafaqat shaxsiy yutuq, balki tarixiy ahamiyatga ega boʻlib, u mazkur tanlovda oʻzbek tilida nutq soʻzlagan birinchi oʻzbek qizi sifatida eʼtirof etilgan edi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//