Palov indeksi: eng arzon osh Namanganda

Saqlash
17:10 / 03.01.2025 199 0

 

2024-yil yakuniga koʻra Oʻzbekistonda palovning oʻrtacha narxi 15,6 foizga oshdi. Bu haqda prezident huzuridagi Statistika agentligi maʻlum qildi.

 

2023-yilning dekabridan 2024-yilning dekabrigacha bir porsiya oshning oʻrtacha narxi 24 978 soʻmdan 28 885 soʻmga koʻtarildi.

 

Hududlar kesimida bir porsiya palov narxining eng yuqori oʻsish dinamikasi — 28,9 foiz Andijon shahrida qayd etilgan. Shu bilan birga, Sirdaryoda narxlar atigi 2,1 foizga oshgan.

 

 

oshBugungi kunda eng qimmat oshni Toshkent shahrida tatib koʻrish mumkin, uning oʻrtacha narxi 35 744 soʻm (yiliga +20,5 foiz). Nisbatan arzon oshni esa Namangandan topish mumkin – u yerda palovning bir porsiyasi 22 201 soʻm (+11 foiz).

 

Maʻlumot uchun, 2024-yil Oʻzbekistonda rasmiy inflyatsiya 9,8 foizni tashkil etdi. Oʻtgan yilda oziq-ovqat mahsulotlari 2,4 foizga qimmatlashgan. Eʻtiborli jihati, Sirdaryodan boshqa barcha hududlarda palov narxining oshishi rasmiy inflatsiyasidan yuqori boʻlgan. Bu koʻrsatkich Andijonda 3 barobar, Fargʻona va Toshkentda esa 2 barobardan balandroq shakllangan.

 

Bir yilda kartoshka deyarli 40 foiz, sabzi 18,3 foizga qimmatladi. Gaz tariflari oʻrtacha 2,3 baravar, elektr energiyasiniki esa qariyb 1,7 baravar, propan narxi 30,9 foizga, benzinniki 5,9 foizga oshdi.

 

Statistika organiga koʻra, oʻtgan yil davomida suyakli mol goʻshti narxi 13,3 foizga, qoʻy goʻshti 14,6 foizga qimmatlashgan boʻlsa, guruch va guruch oqshogʻi narxi 6,3 foizga arzonlashgan.

 

Oʻz navbatida, piyoz narxi 2,2 foizga, sabzi narxi 18,3 foizga, kungaboqar yogʻi narxi 14,6 foizga, paxta yogʻining bahosi esa 15,3 foizga koʻtarilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//