Jamiyat
Bloger bu ishni “kontent uchun” qilgani, holat takrorlanmasligini aytib, uzr so‘ragan.
Instagramda “Jasjan” nomi bilan tanilgan bloger Jasur Shodiyev hojatxona qog‘ozlari bilan ekologiyaga zarar yetkazgani uchun jarimaga tortildi. Bu haqda Ekologiya vazirligi xabar berdi.
Bloger hojatxona qog‘ozlarini yig‘ib, ustiga chiqqani, ostidan esa mashina o‘tib ketayotda sakragani aks etgan videoni tarmoqdagi sahifalariga joylagan. Hayot uchun xavfli holat aks etgan ushbu videodan so‘ng bloger har tarafga sochilgan hojatxona qog‘ozlarini yig‘masdan ketgan. Video ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining keskin e’tirozlariga sabab bo‘lgan.
Mazkur holat Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi hamda Toshkent shahar IIBB tomonidan o‘rganilgan. Natijada Shodiyev atrof-muhitni ifloslantirib, belgilanmagan joyga chiqindi tashlash bilan bog‘liq huquqbuzarlikni qasddan, jamoaviy sodir etgani aniqlangan.
Blogerga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 91-moddasi 1-qismi bilan bayonnoma rasmiylashtirilgan. Huquqbuzar bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravari — 1 million 875 ming so’m miqdorida jarimaga tortilgan.
Vazirlik ta’kidlashicha, Shodiyev tomonidan avval ham shunday huquqbuzarlik sodir etilgan. Hozirda ichki ishlar organlari tomonidan holatga huquqiy baho berilmoqda va qat’iy choralar ko‘riladi. Blogerning hamrohlari shaxsiga ham aniqlik kiritilmoqda va ularga ham qonuniy chora ko‘riladi.
Jamiyat
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Jahon
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q