Jamiyat
Prezident Yangi Toshkent shahrida qurilayotgan O‘zbekiston Milliy kutubxonasini borib ko’rdi.
4 qavatli majmua o‘z nomiga mos milliy dizaynda bo‘ladi. Jami 30 ming kvadrat metr maydonda bir paytning o‘zida 1 ming 420 nafar kitobxonga sifatli xizmat ko‘rsatiladi. Bu yerda kutubxona fondidagi adabiyotlarni munosib saqlash, sanoqdan o‘tkazish, xavfsizligini ta’minlash va sterilizatsiya qilishga mo‘ljallangan maxsus asbob-uskunalar o‘rnatiladi. Shuningdek, majmua ko‘p funksional bo‘ladi. Tashrif buyuruvchilar uchun 300 o‘rinli kafe, galereya, yengil sport o‘yinlari va boshqa qulayliklar tashkil etiladi.
- Men avval aytganimdek, bizning ikkita o‘q tomirimiz, ikkita tayanch ustunimiz bor: biri – iqtisodiyot bo‘lsa, biri – ma’naviyatdir. Ma’naviy buyuk xalq – iqtisodiy tomondan ham buyuk bo‘ladi. Bilimli yoshlar bobolarimizga munosib keng fikrli, milliy g‘ururli, yetuk insonlar bo‘ladi. Shuning uchun yangi shahrimiz qurilishini ma’rifat maskanlaridan boshlayapmiz. Bular yuz yilga tatigulik ma’naviyat, ma’rifat, ilm o‘chog‘i bo‘lishi kerak, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Zamonaviy kutubxonada xodimlar ham shunga munosib bo‘lishi, ilg‘or axborot texnologiyalari va xizmatlarni yaxshi bilishi kerakligi ta’kidlandi. Shu bois O‘zbekiston Milliy universiteti va boshqa o‘quv yurtlarida kutubxonachilar tayyorlash sifatini oshirish vazifasi qo‘yildi. Mamlakatimizning 14 ta shahrida kutubxona filiallarini tashkil etib, hududlardagi aholining ham kitob o‘qishiga qulaylik yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Jamiyat
Jahon
Iqtisod
Siyosat
Siyosat
Siyosat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q